O'zbekistonda qaysi saytlarga kirish mumkin, qaysilariga esa yo'q?


Rasmiy manbalarga ko’ra, O`zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni tobora oshib bormoqda. Kuzatuvchilarning aytishicha, mamlakatda internet ommaviy axborot vositasi, axborot manbai sifatida shakllanib bo`ldi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar hisobotida O`zbekiston internet erkinligi keskin cheklangan davlatlardan biri sifatida qayd etiladi. Internetda maqola yozayotgan mustaqil jurnalistlarni ta`qib qilish holatlari ko’paygan.

Yaqinda mustaqil jurnalist Sid Yanishev internetdagi faoliyati uchun kaltaklab ketilgan, mustaqil jurnalistlardan yana biri Dilmurod Said global tarmoqda aksilkonstitusiyaviy maqolalar e`lon qilishda ayblangan.

O`zbekistonda taqiqlangan saytlar ro`yxati e`lon qilinmagan. Biroq qanday sahifalarga kirish mumkin, qaysilariga mumkin emasligi haqida muayyan tasavvur hosil bo’lgan.

Xususan, konstitusiyaviy tuzumga qarshi, zo`ravonlikni targ`ib qiluvchi internet sahifalariga kirish taqiqlanadi.

Amalda esa mustaqil axborot vositalariga internet orqali to`gridan-to`gri kirish imkoniyati yo’q.

Mustaqil jurnalist Dilmurod Said:

“Shu sohaga aloqador odamlarga ham savol berib ko`rdim. Qayoqqa intervyu berishim mumkin, qayoqqa mumkin emas, qaysiga yozish mumkin, qaysi biriga mumkin emas? “O`zingiz yaxshi bilsangiz kerak” degan dumi xurjin bir javob oldim. Birortasi bu saytga chiqish mumkin emas, buni yopiq deb aniq ayta olmadi. “Amerika Ovozi”, “BBC”, “Ozodlik” saytlarini ham ochish qiyin, lekin biror joyda bu saytlar taqiqlangan, ularni ochmanglar degan ko`rsatmani menga birov aytmadi”, - deydi mustaqil jurnalist.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov so’zlariga ko`ra, internetga to`siq qo`yish to`g`ri. Xolis axborotning tarqalishiga yo’l qo’ymaslik uchun.

“O`zbekistonda haqiqatni, ayniqsa hozirgi hukumat zarariga bo`lgan haqiqatni yuzaga chiqarmaslik harakati bor. Hukumat uchun haqiqat juda xafli narsa, shuning uchun ham haqiqatni berkitish harakati avvaldan bor. Hukumat qancha mablag` sarflab, texnika sotib olib, buni nazorat qilib kelyapti”, - deydi Oripov.

O`zbekistonda mustaqil axborot vositalaridan tashqari o`zbek muxolifati saytlariga kirish ham to`silgan. Yaqinda “Erk” partiyasining rasmiy sahifasi internetdan mutlaqo yo`qolgan.

““Erk” saytiga bultur ham bir hujum bo`lgandi. Mana bir haftadirki, yana ishlmayapti, bu kimning ishi ekani haqida aniq isbot-dalil ko`rsatish qiyin bo`lsa kerak”, - deydi Otanazar Oripov.

Dilmurod Sayid fikriga ko`ra, keyingi paytda chet elda O`zbekiston haqida axborot beruvchi bir qator sahifalar ochilgani quvonarli hol, biroq ularning hammasi cheklov ostida.

“Faqat bitta e`tirozim bor. Biror ijtimoiy-siyosiy voqeaga munosabat bildirilayotganda, haqorat qilmaslik kerak odamni. Ayrim saytlarda shu narsa uchrab turadi. O`sha haqoratni kimdir tikan bo`glab, kimdir moylab bildirishi mumkin – haqoratni (tanqidni) ham chiroyli bir ko`rinishda bersa bo`ladi”, - degan mulohazalarni bildiradi Dilmurod Sayid.

Otanazar Oripovning aytishicha, O`zbekiston hukumati axborot urushini olib bormoqda.

“Haqiqiy axborot beruvchi manbani yo`qotishga qarshi kurash olib borilmoqda. Lekin internetni ham gazeta, radio, televideniye kabi monopollashtiraman deb o`ylash noto`g`ri”, - deydi Otanazar Oripov.

Toshkentdagi internet kafe xizmatchisi fikriga ko`ra, saytlarni to`sishda internet kafelari aybdor emas. To`siq qo`yish yoki uni olib tashlash kimning ixtiyorida ekani yuzasidan tasavvurga ega emas.

XS
SM
MD
LG