AQSh, NATO davlatlari Afg'onistonda uzoq muddatga qolishga majbur


AQSh Afg’oniston janubini tinchlantirish uchun qo’shimcha 3200 askar safarbar etmoqda.

Yaqinda jangarilar Kobul markazida joylashgan mehmonxonaga hujum qilib, 8 kishini o’ldirgan edi.

AQSh Mudofaa vazirligiga ko’ra, bahor kelishi bilan Afg’onistonda Tolibon jonlanadi. Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, NATO, esa mamlakatga 7 ming askar jo’natish va’dasini haligacha bajargani yo’q.

Afg’onistonda vaziyat og’ir, deydi britaniyalik jurnalist Bronvin Medoks “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. “Iroq kabi, mamlakatdagi siyosiy guruhlar na bir-biriga, na hukumatga ishonadi. Koalitsiya qo’shini ham yetarli emas.”

Times jurnalining Kobuldagi muxbiri Nik Mayo deydi-ki, NATO davlatlari orasida urushga kim qancha hissa qo’shayotgani yuzasidan kelishmovchilik mavjud.

“Afg’oniston janubida xizmat qilayotgan Britaniya, Kanada va Gollandiya qo’shini eng ko’p talofat ko’rgan. Janub eng notinch hudud, shu bois ko’p davlatlar harbiylari u yerga qadam qo’ymaydi. Eng ashaddiy janglar Qandahor va Hilmand atrofida.”

Afg’onistonlik jurnalist Nabi Misdak fikricha vaziyat aynan butun e’tibor Iroqqa qaratilgach og’irlashdi.

“Tolibon harakati uncha kuchli emas, lekin gap shundaki janub aholisining hukumatdan ham, AQSh siyosatidan ham hafsalasi pir. Chunki mintaqa nochor ahvolda, iqtisodiyot juda zaif. Huquq-tartibot tizimi yo’lga qo’yilmagan.” AQSh, deydi jurnalist, mahalliy aholi dardini tinglamaydi.

Tolibon yaqinda Kobulda yirik bir mehmonxonani nishonga oldi.

“Afg’onistonda chet elliklarga qarshi hujumlar ko’paymoqda, deydi Times jurnali muxbiri. Tolibon ularni hoh mehmonxona, hoh restoranlarda bo’lsin o’ldirishga ahd qilgan,” - deydi Nik Mayo.

Amerikalik jurnalist Roy Gutman ham shu fikrda. Afg’oniston haqidagi yangi kitob muallifi fikricha, AQSh rejalayotgan qo’shimcha 3200 askar vaziyatni yaxshilashi kerak.

“AQSh terrorga qarshi kurash deb faqat Afg’oniston bilan cheklanganda edi, 2001 yilda NATO yordam taklif qilganda uni qabul qilganda edi – bugun vaziyat boshqacha bo’lardi,” - deydi Gutman.

Uningcha, hokimiyatni ag’darish bir narsa, lekin mamlakatni tinchlantirish tamoman boshqa narsa. Afsuski, deydi jurnalist, AQSh Iroqda boshqa bir mojaroni boshlab berdi.

Muxatassislar fikricha, terrorizm, beqarorlik va qoradori sanoatini yengish uchun, AQSh va NATO davlatlari Afg’onistonda uzoq muddatga qolishga majbur.

XS
SM
MD
LG