Bush Yaqin Sharqqa quruq va'dalar berayotganlikda tanqid ostida


Prezident Bushning yaqinda Yaqin Sharqqa qilgan to’qqiz kunlik safari Isroil-Falastin tinchlik jarayonini davom ettirish va’dalari bilan yakunlandi.

Biroq demokratiya targ’iboti va Eron nufuzini pasaytirishga kelganda ko’p narsaga erishilmadi, deydi siyosatdonlar.

Jorj Bush mintaqaga safarini Isroilga tashrif bilan boshladi. Isroil va Falastin o’rtasidagi muammolarni tezroq hal qilishga, arab davlatlarini esa bu jarayonni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi. Misr prezidenti Husni Muborak bu harakatlarni olqishlagan.

Biroq AQSh rahbarining demokratiya va erkinlik haqidagi bayonotlariga har xil baho berilgan. Jamiyatda erkinlik, adolat va saylovlarning o’rni muhim, dedi Bush Birlashgan Arab Amirliklarida qilgan nutqida.

"Muxolifatchilarni qamoqqa tashlash, tinch namoyish o’tkazgan fuqarolarni ta’qib qilish, aholining asosli tanqidlarini bo’g’ish orqali erkin jamiyat qurib bo’lmaydi",- deydi AQSh prezidenti.

Oq Uy rasmiylariga ko’ra, bu tanqid Misr va boshqa davlatlarga qaratilgan. Faollar nazarida esa Bush mintaqa rahbarlarini to’g’ridan-to’g’ri, oshkora tanqid qilishgacha bormadi.

Vashingtonlik tahlilchi Daniela Pletka prezident Bush Birlashgan Arab Amirliklarini minbar etib tanlab, xato qildi deydi. Uningcha, erkin bo’lmagan davlatdan turib demokratiya haqida gapirish jiddiylikdan dalolat bermaydi.

Biroq monarxiya va avtokratik tuzumlar hukmron mintaqada demokratiyani targ’ib qilish oson emas.

AQSh Tinchlik instituti xodimi Skott Lasenskiy fikricha Yaqin Sharqda “demokratiya va islohot” degan so’zlar beqarorlik ma’nosini anglatadi.

"Mintaqa hukumatlarini, xususan arablarni, bu noto’g’ri tasavvur ekaniga ishontira olish kerak",- deydi u.

Prezident Bush nutqida Eronni terrorizm homiysi deb atadi. "Eron barcha mamlakatlar xavfsizligiga tahdid soladi, xavfni",- deydi u, "kech bo’lmasdan bartaraf etish lozim".

Arab davlatlari bu fikrlarga qo’shildimi-yo’qmi, noma’lum. Tahlilchi Lasenskiy fikricha mintaqada ko’pgina masalalar bir-biriga chambarchas bog’liq.

"Avvalambor Iroqdagi vaziyat, Livandagi siyosiy beqarorlik, Arab-Isroil masalalarida oz bo’lsa-da siljish kuzatilishi kerak. So’ng Eron yadro dasturi haqida gapirsa bo’ladi".

Bush safaridan ko’p narsa kutilmagan edi. Yil oxirida uning prezidentlik muddati yakunlanadi.

"Xulosa shuki",- deydi Daniela Pletka, "Saudiya Arabistoni vahobiy oqimini quvvatlashda davom etadi. Terrorchi guruhlar Falastin hududlaridan jilmaydi. Eron esa yadro quroli yaratishga urinaveradi".

XS
SM
MD
LG