Xotin-qizlar AQShda prezident saylovlari natijasini belgilashi mumkin


AQSh prezidentini tanlashda oxirgi besh saylovda ayollar ovozi muhim rol o’ynagan.

Statistik ma’lumotlar ularning faol saylovchi ekanidan darak beradi.

Bu yili prezidentlikka nomzodlar orasida ayol ham bor. Ularni saralash bosqichida demokrat va respublikachilar orasida keskin kurash ketmoqda.

AQShda 1964 yildan beri o’tgan saylovlarda ayollar erkaklardan faol. Deyarli 90 yil ilgari AQSh konstitusiyaga o’zgartirish kiritilib, “har bir fuqaro jinsidan qat’iy nazar ovoz berishga haqli” degan band qo’shilgan edi.

“Ayollar turmush o’rtog’ining rayiga qarab ovoz beradi degan hazil bor edi. Hozir buni eshitmaysiz. Saylovchilarning aksariyati ayollar",- deydi siyosatshunos Piter Fenn.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra, AQShda xotin-qizlarning 58 foizi o’zini demokrat deb biladi. Senator Xillari Klinton ular yordamida saylov poygasida yetakchilik qilmoqda.

Nyu-Gempshir shtatida o’tgan partiyaviy saylovlarda Klinton xonim ko’pchilik kutmaganda g’alaba qildi. Ayol saylovchilarning aksariyati unga ovoz berdi.

Gallup tashkiloti o’tkazgan so’rovlarda esa senator Barak Obama oldinda ketayotgani bot-bot aytib o’tilgan edi.

Biroq saylovdan keyin ma’lum bo’lishicha, ayollarning 46 foizi Klintonni, 34 foizi esa Obamani tanlagan.

Ayol va Siyosat Instituti asoschisi Karen Okonor Klinton g’alabasini ayollar ovozi belgiladi deydi.

"Saylovchilar bilan yuzma-yuz ko’rishish, ularni tinglash katta kuchga ega. Nyu-Gempshirda aynan shu kuzatildi. Nomzodlar saylovchilarga quloq tutdi. Ayollar hal qiluvchi ovozni berish aniq edi. Ularsiz Klinton yuta olmasdi".

Xillari Klinton, saylovchilar nazarida, Oq Uyni egallashga qodir ilk ayol nomzod.

"Klinton nomzodi – siyosatda yangi bir marrani belgilashdek gap. Bundan ko’pchilik faxrlanadi",- deydi Piter Fenn.

G’ururlanishga arziydi deydi ayol saylovchilar, lekin Klinton haqida fikrlar turlicha. Siyosatshunoslar nazarida Klinton ko’proq keksa ayollar ta’biga ma’qul.

”U ayollarni tushunadi", - deydi saylovoldi chiqishini ko'rishgan kelgan bir ona. "Mehr nimaligini biladi. Ona-da u ham. Buni bizdek hech kim his qilmaydi. Erkaklardan nima ko’rdik? Erkaklar bola va rozg’orni ayolga tashlab ketishga usta”.

Yoshroq ayollar esa ko’proq Barak Obamani xush ko’radi. O’zgarishlar davri keldi degan shiori ularni ilhomlantiradi.

"Avvaliga Xillariga ovoz beraman deb o’ylagan edim. Ayol nomzodga jon deb ovoz bergan bo’lardim. Lekin Obamani tinglab, u tomonga o’tib oldim", - deydi siyosiy faollardan biri.

Lekin Klinton tarafdorlari ham, unga qarshi saylovchilar ham nomzodning jinsi uncha muhim emas degan fikrda.

"Uning ayolligi men uchun katta ahamiyat kasb etmaydi",- deydi bir amerikalik.

Xillari Klintonning o'zi ham xuddi shunday fikrda.

"Nomzodning jinsi-yu rangi ovozlarni belgilamaydi", - deydi u.

Biroq Nyu-Gempshir shtatida ayol saylovchilarning faolligi poyga natijasiga ta’sir o’tkazgani aniq.

XS
SM
MD
LG