Breaking News

O'zbekistonda aholi qahraton qishdan aziyat chekmoqda


O`zbekistonda bu yil qish qattiq keldi. Mamlakatning turli burchaklarida gaz va elektr ta’minoti muntazam emas.

O`zbekiston Ob-havoni Kuzatish Markaziga ko`ra, harorat 30 daraja sovuqni tashkil etgan. O`zbekistonda bunday harorat sakson yil avval kuzatilgan.

Mustaqil manbalarda aytilishicha, shimoliy hududlarda havo bundan ham sovuq. Samarqand, Jizzax, Qoraqalpog`iston va Andijonda gaz va elektr toki yetishmasligi tufayli norozilik chiqishlari bo’lib o’tgan. Qahsqadaryoning ayrim maktablarida darslar bekor qilingan.

“Kun sovuq, gaz yo`q, domlarning ahvolini ko`rsangiz, shunaqa ayanchli… Gaz, chiroq yo`q. Hokimiyat tugul, prezidentga ham telegramma berganmiz. Telegammada “O`zbekistonning qishlog’ida yashaydigan aholisi ham odam-ku, nima uchun sutkasiga faqat 1-2 soatdan chiroq berayapsizlar, ular ham odamga o`xshab yashashi kerak-ku” deyilgan. Maktabga kirib bo`lmaydi, sinflar isitilmaydi. Men sizlarga intervyu berishga majburman, chunki O`zbekiston televideniye va radiosi bunaqa narsalarni eshitishni xohlamaydi”, - deydi o`zini mahalla oqsoqoli deb tanishtirgan Norali Ergashev.

Jizzaxning aksariyat maktablarida chorak ta’tillari uzaytirilgan.

“Uchinchi chorak kanikuli 11 yanvargacha belgilangan edi. Lekin havoning sovuqligi, gazlarning pastligi, xonalar isitilmasligi, sovuqligi tufayli maktab ham, bog`chalar ham SES (sanepidemstansiya) tomonidan yopildi”, - deydi jizzaxlik muallimlardan biri.

Qahqardaryoda odamlar sovuqdan halok bo`lgani haqida xabarlar bor.

“Uyida bir o`zi turgan, hech kim bilmagan. Muzlab qolgan ekan, bugun olib chiqishdi. Chiroq yo`q, gaz yo`q, issiqlik yo`q. O`tindan ham bolalar qusib kasal bo`lib qolayapti, odamlar o`layapti. Uchastkovoylar olib borib ko`mayapti-ku. Hozirgacha to`rt kishi shunday bo`lgan. Bugun ham sovuq 27 darajada bo`ldi”, - deydi qashqadaryolik bir fuqaro.

Mahalliy hokimiyatlar o’lim haqidagi holatlarni rad etmoqda.

Bundan bir hafta avval rasmiy idoralar qish mavsumi bois elektr energiyasi iste’moli kuchaygani, elektr chirog`i, gaz ta`minoti pasayishi mumkinligi haqida ogohlantirish bergan.

Biroq mamlakatda yetishmayotgan har ikki mahsulot - tabiiy gaz va elektr quvvatini O`zbekiston qo`shni davlatlarga eksport qiladi.

Mavjud fikrga ko`ra, ichki ehtiyoj uchun mo`ljallangan gaz va elektr quvvati tashqariga sotilmoqda yoki O`zbekistonda aholiga xizmat ko`rsatish tizimi izdan chiqqan.

XS
SM
MD
LG