O'zbekiston-AQSh aloqalari jonlanishi mumkin


Uzoq tanaffusdan so`ng AQSh va O`zbekiston o`rtasida muloqot boshlanishi ehtimoldan holi emas.

Yaqinda Qirg`iziston, Tojikiston, Pokiston va Afg’onistonga safar qilgan AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo’mondonligi rahbari, admiral Vilyam Fallon bugun O`zbekiston rasmiylari, xususan prezident Islom Karimov bilan uchrashgan.

AQSh va O`zbekiston o`rtasida 2002 yilda imzolangan strategik shartoma bekor qilinmagan, biroq munosabatlar ancha sovuqlashgan. O’zaro aloqani tiklash zarurati asosan mintaqadagi xavfsizlik bilan bo`gliq.

“Haqiqatan ham hozir Afg`onistonda vaziyat murakkab, borgan sari og`irlashmoqda. Vaziyatni yaxshilash uchun faqat AQSh qo`shini yetarli emas. Koalitsiya der ekanmiz, uning a`zolari ham o`z hissasini qo`shishi lozim, jumladan O`zbekiston ham. AQSh va O`zbekiston aloqalari qanday bo`lishidan qat`iy-nazar Afg`oniston ustuvor masala bo’lib qoladi. O`zbekiston ham bu barqarorlikdan manfaatdor ”,- deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Uning aytishicha, bugungi vaziyat demokratik islohotlar va xavfsizlik masalalariga alohida yondashuvni talab etmoqda.

“Bu masalalarni bir-biridan ajratish kerak. Afg`oniston alohida masala. O`zbekiston hissasini qo`shishi kerak. AQSh qo`mondoni muhokama qiladigan masala ham shu. Keng ma`noda AQSh-O`zbekiston aloqalari deydigan bo`lsak, bu yerda turli omillar bor. Demokratiya masalasida AQSh pozitsiyasi bizga ma`lum”, - deydi Tolipov.

O`zbekiston prezidenti Vatan Himoyachilari Kuni munosabati bilan qilgan chiqishida Afg`onistondagi vaziyat og`irlashayotganini ta`kidlab o`tgan.

Xavfsizlikni ta`minlashda asosan Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga suyanish kutilgan natijani bermasligi mumkin degan xavotirlar mavjud.

Avval AQSh rasmiylari xavfsizlik masalasi mamlakatda demokratik islohotlar va erkinlik bilan bo`gliq deb kelar edi.

Rasmiy Toshkent nazarida esa respublikada demokratik islohotlar amalga oshmoqda va e`tiqod erkinligi ta'minlangan.

Demokratik Tashabbuslar Markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov fikricha AQSh-O’zbekiston munosabatlarining tiklanishi bilan mamlakatda inson huquqlari ahvoli yaxshilanib qolmaydi.

“Albatta, AQSh harakat qiladi. Lekin O`zbekistonda inson huquqlari bo`yicha o`zgarish bo`lishiga ko`zim yetmaydi. Qiyin... Munosabatlar shunchaki, so`rashib, o`tib ketadigan odamlarniki kabi davom etadi. Ijobiy natijlar kutish qiyin”, - deydi Xudoyberganov.

Ayrim faollar esa bAQSh bilan aloqalar iliqlashsa vaziyat ijobiy tomonga o’zgaradi deya umid bildiradi.

XS
SM
MD
LG