Turkmanistonda Niyozovning tug'ilgan kuni bayram qilinmaydi


Turkmanistonda sobiq prezident Saparmurod Niyozovning tug’ilgan kuniga bag’ishlangan bayram bekor qilingan.

Har yili 19 fevralda Davlat Bayrog’i Kuni qatorida Turkmanboshining tavallud ayyomi ham katta tantana qilinar edi.

Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov mamlakatni ko’pchilik nazarida Turkmanboshi davridan qolgan o’ziga xos merosdan tozalashga urinmoqda.

Berdimuhammedov e’lon qilgan islohotlar erkinroq jamiyatga yetaklaydimi-yo’qmi, hozircha noma’lum.

Demokratiyani targ’ib qiluvchi “Ochiq Jamiyat Instituti” xodimasi Erika Daylining New York Times gazetasiga aytishicha, Turkmaniston hukumatida va davlat boshqaruvida katta o’zgarish kuzatilmayapti.

Yaqinda mamlakatda 2001 yilda man qilingan opera va tsirklar faoliyati tiklandi. Kaspiy dengizda dam olish maskani ochish mo’ljallangan. Ba’zi joylarda Niyozovning o’rnini amaldagi prezident suratlari egallamoqda.

Qurbonguli Berdimuhammedov ta’lim sohasini isloh qildi, internetga oz bo’lsada yo’l ochdi va inson huquqlarini himoya qilish kerak deya oshkora bayon qildi. Lekin Markaziy Osiyo bo’yicha tahlilchi Arkadiy Dubnov so’zlariga ko’ra, prezident mustabid idora usulidan voz kechgani yo’q.

XS
SM
MD
LG