Tahlilchilar nazarida Amerika O'zbekiston bilan muloqot boshladi


AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy Qo`mondonligi rahbari admiral Vilyam Fallon Toshkentda prezident Islom Karimov bilan uchrashuvi chog’ida xavfsizlik masalalari bilan birga inson huquqlari va erkinliklari mavzusini ham ko’targan.

Ta'kidlash joiz, AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy Qo'mondonligi rahbari - mamlakat tomonidan olib borilayotgan barcha harbiy amaliyotlarni nazorat qiluvchi lavozim. Jumladan Iroq va Afg'onistonda davom etayotgan harakatlarni.

O`zbekiston rahbari AQSh admirali bilan uchrashuvini munosabatlardagi muhim voqea deb qayd etgan. Ayniqsa harbiy va texnik masalalardagi hamkorlikni muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat degan.

Tashrifini ijobiy deb baholagan AQSh admirali Toshkentda shuningdek respublika Milliy Xavsizlik Xizmati kotibi, mudofaa vaziri va tashqi ishlar vaziri bilan ham gaplashgan.

Muzokarada Afg`onistondagi vaziyat va terrorizmga qarshi kurash masalalari haqida gaplashilgan.

AQSh admiralining O`zbekistonga safari mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Toshkent-Vashington o`rtasida muloqot tiklanayotgani yuzasidan turli fikrlar bildirilgan.

Karimov o’tgan dekabrda Konstitusiya kuni munosabati bilan qilgan nutqida O`zbekistonning G`arb, jumladan AQSh bilan aloqalari sovuqlashgan degan gaplar “asossiz” degan edi. O`zbekiston milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda barcha davlatlar bilan teng aloqa yuritadi deb ta`kidlagan edi.

Admiral tashrifi AQSh O`zbekistonda ikki yil oldin yopilgan harbiy bazasini qayta ochishi mumkin degan taxminlarni kuchaytirmoqda.

Siyosatshunos Muqimjon Qirg`izboyev ta’biricha “Markaziy Osiyo davlatlarida o`z harbiy bazalariga ega bo`lish AQShning hozirgi tashqi siyosatiga to`g`ri keladi. Lekin O`zbekistonda baza bo`lishi bu - davlatlar rahbarlari va xalqning munosabati bilan hal etiladigan masala”.

Sharhlovchi nazarida Afg`onistonda vaziyatning o`girlashayotgani, giyohvand moddalar hosili ortayotgani, notinchliklar va qo’shni Pokistondagi beqarorlik sabab Amerika mintaqaga harbiy jihatdan yanada strategik hudud deb qaramoqda.

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra Karimov va Fallon muloqotida O`zbekistonni demokratlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari bilan bog’liq masalalar ham tilga olingan.

Tahlilchi Toshpo`lat Yo`ldoshev O`zbekistonga ko`rsatilgan xalqaro siyosiy va ma`naviy bosim samara bermoqda deydi.

“O`zbekiston hukumati inson huquqlarini [yaxshilashga] va`da bergacha G`arb vakillari ham kela boshladi. Shuning uchun AQSh admirali tashrifini pragmatik qadam deb hisoblaymayman. Buni inobatga olgan davlat axborot agentligi ham inson huquqlari va demokrtik islohotlar masalasi ko`tarildi deb ma’lumot bermoqda”, - deydi Yo`ldoshev.

XS
SM
MD
LG