Bush ma'muriyati fuqarolarni "kuzatishda" davom etadi


AQSh hukumati huquq-tartibot organlariga fuqarolarning telefon va Internetdagi muloqotlarini kuzatishga ruxsat beruvchi qonunni “davlat xavfsizligi uchun o’ta muhim” deya yangilash harakatida.

Bush ma’muriyati bu doimiy qonunga aylantirilsin, deya Kongressga murojaat qilgan. Biroq ko’plab amerikaliklar nazarida bu inson huquqlarining oyoq osti qilinishidir.

Oq Uy nazarida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini tekshirish Amerikani terroristlardan himoya qilishi mumkin. Bu bilan fuqaroga zarar yetmaydi, shubha ostidagi insonlar kuzatiladi xolos deydi rasmiylar.

Mazkur qonunning asosiy targ’ibotchisi - vitse-prerzident Dik Cheyni.

"U vaqtincha bir qoida sifatida emas, doimiy qonun qilib olinishi lozim", - deydi Cheyni. Buni davlat xavfsizligi hamma narsadan ustun deya ko’ruvchilar keng quvvatlaydi.

"Terrorizmga qarshi kurash uzoq jarayon. Bu davlatimizdan uzoq-muddatli qonunlar qabul qilishni talab qiladi. Kurash axir olti oyda tugab qolmaydi-ku. Urush uzoqqa cho’zilishi aniq. Demak, qonunchilik ham shunga moslashtirilsin",- deydi Cheyni.

Cheynining yana bir taklifi – Kongress fuqarolarni kuzatishda hukumat bilan hamkorlik qilayotgan aloqa kompaniyalarini qator qonuniy talablardan ozod etib, ko’mak uchun ularga immunitet bersin.

Kongressda hukmron demokratlar Cheynining takliflaridan g’azabda. Amerika erkinliklar vatani degan tushuncha qayerda qoldi? Terrorizmga qarshi kurash deb fuqarolar fundamental huquqlardan mahrum etilmayaptimi? Tanqidlarning cheki yo’q.

O’tgan yili AQSh Kongressining Vakillar Palatasi fuqarolarni kuzatish uchun suddan alohida ruxsat olinsin degan qaror qabul qilgan. Aloqa kompaniyalariga imtiyoz bermoqchi emas. Mijoz huquqi hurmat qilinishi shart. Senat ham shu kunlarda masalani ko’rib chiqmoqda. Amerika matbuoti Cheynini konstitutsiyaga qarshi yo’l tutayotganlikda ayblashda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG