Breaking News

Saakashvili yana buyuk o'zgarishlar va'da qilmoqda


Mixail Saakashvili 20 yanvarda Gruziya prezidenti sifatida ikkinchi muddat uchun qasamyod keltirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh Tijorat vaziri Karlos Guterrez qatnashgan marosimda Saakashvili Kreml bilan aloqalarni tiklashga va’da bergan.

Gruziya muxolifati may oyida parlament saylovlari oldidan katta namoyishlar o’tkazmoqchi.

Mixail Saakashvili 5 yanvarda o’tgan saylovda 53 foiz ovoz to’pladi. To’rt yil oldin 96 foiz ovoz bilan saylangan edi.

Chikago Universiteti olimi Ronald Sani fikricha Saakashviliga nisbatan norozilik Atirgul Inqilobidan kutilgan orzular ro’yobga chiqmagani bilan bog’liq.

“Korrupsiyani tugatish, qonun ustuvorligini ta’minlash, Abxaziya va Janubiy Ossetiya masalalarini hal qilish, iqtisodiyotni ko’tarish – bular qisqa vaqt ichida hal etib bo’lmaydigan muammolar.”

RAND siyosiy tahlil markazi xodimasi Olga Oliker muammo davlat boshqaruvida deydi.

“Saakashvili demokratiya va erkinlik borasidagi va’dalarida turmadi. Matbuot cheklandi, parlamentni prezident partiyasi egallay boshladi. Odamlar, deydi Oliker, fikrlarini erkin ifoda etishdan cho’chib qolgan. Mamlakat avtoritarizm tomon yo’nalmoqda.”

O’tgan yili noyabrda Tbilisida hukumatga qarshi namoyishlar va ularda politsiyaning safarbar etilgani – Saakashvili prezidentligining eng past nuqtasi deb baholanadi.

Yevropalik kuzatuvchilar so’nggi saylov adolatli o’tdi deydi, lekin Gruziya muxolifati bu xulosadan yiroq. Prezident Saakashvili ikkinchi muddatini boshlar ekan, uning oldida hali ham eski muammolar.

Lekin Gruziya iqtisodiyoti ancha oyoqqa turdi deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti professori Robert Legvold.

“O’sish sur’ati baland, ancha xorijiy sarmoya jalb qila oldi, deydi Legvold. Gruziya iqtisodiyoti o’tgan yili deyarli 12 foizga o’sgan.

Lekin mamlakat daromadi shahar va qishloqlar orasida barobar bo’linmaydi.

Tashqi siyosatda, mutaxassislar fikricha, Saakashvili bu yili ham Rossiyadan uzoqlashadi, Yevropa bilan yaqinroq hamkorlik qiladi. Gruziyaning Shimoliy Atlantika shartnomasi, NATOga qo’shilishi yuzasidan muzokara ketmoqda.

Professor Legvoldning aytishicha, Gruziyaning G’arbga moyilligi Saakashvili va Rossiya rahbari Vladimir Putin o’rtasida nozik masalalardan. Ikki mamlakat munosabatlari juda sovuq, o’rtada ishonch yo’q.

Putin nazarida Gruziya G’arb bilan Kremlga qarshi ittifoq tuzishga urinmoqda, deydi tahlilchi Olga Oliker. “Saakashvilining aytishicha esa Rossiya uning mamlakatiga bosim o’tkazyapti. Janubiy Ossetiya va Abxaziya yuzasidan kelishmovchiliklar ham shunga borib taqaladi.”

Lekin Gruziya rahbari inauguratsion nutqida Rossiya bilan til topishishga va’da bergan. Marosimda ishtirok etgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham aloqalarni normallashtirish haqida so’zlagan.

Buning uchun, har ikki tomon ko’p masalalarda murosa qilishiga to’g’ri keladi.

XS
SM
MD
LG