Terrorizm ustidan g'alaba Afg'onistondagi muvaffaqiyatga bog'liq


AQSh Kongressida Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha tinglov o’tkazildi. Unda hisobot bergan mutaxassis va rasmiylar nazarida AQSh va NATO Afg’onistondagi hukumatni kuchaytirish uchun yangi siyosat qabul qilishi zarur.

Vakillar Palatasining Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi Ayk Skeltonning aytishicha, qo’shimcha 3,200 amerikalik askarning yaqinda Afg’onistonga safarbar etilishi qisqa vaqtga samara beradi xolos. NATO ba’zi joylarda hanuzgacha xavfsizlikni tiklay olmagan. Shu sabab Qo’shma Shtatlar terrorga qarshi kurashdagi barcha diqqat-e’tiborini Afg’onistonga qaratishi kerak, deydi kongressmen Skelton.

Tinglovda hisobot bergan AQSh Mudofaa universiteti vakili, iste’fodagi general-leytenant Deyvid Barno nazarida Afg’onistonda xurujlar 2004 yildan buyon 900 dan 9 mingga chiqqan; yo’l bombalari bilan bog’liq xurujlar 325 dan deyarli bir yarim mingga, suiqasd xurujlari esa 3 tadan 130 taga ko’tarilgan.

"Agar biz yetakchilik, strategiya va resurslar bobida barcha harakatlarimizni astoydil ishga solib, xalqaro yordamni kuchaytira olsak, vaziyatni ijobiy tomonga o’zgartirishga muvaffaq bo’lamiz," deydi general Barno.

Davlat kotibining sobiq muovini, ayni damda Vashingtondagi Jorj Vashington universiteti professori Karl Inderfurtning aytishicha, Afg’onistonda barqarorlikka erishish uchun rasmiy Kobul va Islomobod o’rtasidagi aloqalar yaxshilanishi kerak.

Inderfurt nazarida Pokiston terrorga qarshi kurashda Qo’shma Shtalar yordamiga muhtoj ekanini anglashi lozim.

Nyu-York universiteti qoshidagi Xalqaro hamkorlik markazi xodimi Barnet Rubin fikricha, harbiy, siyosiy va iqtisodiy omillarni o’z ichiga olgan ko’p tomonlama strategiya bo’lsagina, muvaffaqiyat qozonish mumkin.

"Pokiston va Afg’oniston hukumatlari asosiy siyosiy partiyalar tomonidan qo’llab-quvvatlanmas ekan, samarali siyosatga umid qilmaslik kerak. Baxtga qarshi, Pokistonda general Musharraf yetakchiligidagi harbiy tuzum ana shunday ahvolga tushib qolgan," deydi professor Rubin.

Iste’fodagi general Barno NATOning Afg’onistondagi ishtiroki haqida gapirar ekan, NATOga a’zo har bir mamlakat rahbariyati o’z xalqiga Afg’onistondagi vazifalar va u yerdagi vaziyatning mamlakati uchun ahamiyatini aniq qilib tushuntirib berishi kerak, deydi.

Gap shundaki, aksariyat NATO mamlakatlari o’z askarlarini qonli hududlarga yuborishni istamaydi. AQShda saylovlardan so’ng Oq uyga kim kelishidan qat’iy nazar, deydi general, NATOni Afg’onistonda faolroq harakat qilishga unday olmaydi.

Biroq siyosiy tahlilchi Barnet Rubin o’zgacha fikrda.

"Afg’onistonda barcha AQShdagi saylovlarni kutmoqda. Ular ishonsa bo’ladigan, hamkorlik qilsa bo’ladigan rahbariyat kelishini istaydi," deydi Rubin.

XS
SM
MD
LG