Bu yil Oskar marosimi o'tkazilmasligi mumkin


Amerika kino akademiyasi Oskar mukofoti uchun bu yilgi nomzodlarni e’lon qilgan.

Lekin xavotir shundaki, orziqib kutilayotgan taqdimot marosimi umuman o’tkazilmasligi mumkin.

Gollivudda ssenaristlar ko’proq maosh talab qilib, ish tashlagan va ularning hali-beri studiyalarga qaytishi kutilmayapti.


Oskarga asosiy da’vogarlardan - “There will be Blood”, y’ani “Qonli yo’l” filmining rejissyori bu oliy sovringa ko’rsatilgan.

Shuningdek, bosh roldagi Daniel Dey-Luis ham. “No Country for Old Men”, ya’ni “Vatangado Chollar” kartinasi ham sakkiz kategoriya bo’yicha nomzod.

Ikkinchi Jahon Urushi davridagi bir muhabbat qissasini aks ettirgan “Atonement,” ya’ni “Kechirim” filmi va Jorj Kluni ijrosidagi “Maykl Kleyton” filmlari ham rejissura va ijro jihatdan yuqori baholanmoqda.

Kino tanqidchilar fikricha bu yilgi tanlovda raqobat juda kuchli.

Lekin tanlov natijasi tantana qilinmasligi mumkin. Gollivud yozuvchilar uyushmasi ish tashlaganiga ancha bo’ldi va ssenaristlar qalamini qayta qo’lga olishga tayyor emas.

Oskar taqdimotidan oldin o’tadigan yirik marosimlar, jumladan Oltin Globus mukofoti taqdimoti har doimgidek keng e’tiborda emas. Kino yulduzlar, moda va reklama haqida ham gap yo’q.

Bu yil Oltin Globusni kim qo’lga kiritgani, qaysi aktyor yoki aktrisa nima kiygani va nima degani ham uncha katta yangilik emas. Xalqaro reklama agentliklari dodvoy sola boshlagan. Kino mukofotlari mavsumi ularga har yili millionlab daromad keltiradi.

“Reklamachilar cho’ntagiga o’tgan yili birgina Oltin Globusdan 28 million dollar tushgan edi. Gollivud reklamachilari shundoq ham o’tgan yillar ichida katta zarar ko’rib kelmoqda. Kino qaroqchilik kuchaygan. Buning ustida ssenariy mualliflari ko’proq haq talab qilmoqda. Ahvol ancha tang”.

Yozuvchilar ish tashlagani AQShdagi birgina NBC teleradiokompaniyasiga 15 millionga tushgan. Taqdimot marosimlari keng reklama qilinar edi.

Kino muxbir Brayan Staynbergning aytishicha Oskar mukofoti reklamasi – yuqori moda va yangi mahsulotlar reklamasi. Marosim axir jahonda eng keng tomosha qilinadigan ko’rsatuv.

“Odatda telekompaniyalar muxlislar kamayotganidan xavotirlanadi. Bu safar esa hatto o’sha kamayib borayotgan tomoshabinni o’ziga qaratadigan shou taqdiri noma’lum. Katta sport o’yinlari va musobaqalardan tashqari kino olami bilan bog’liq ko’rsatuvlar xususiy sektor uchun o’ta muhim”.

Xususiy sektor zarar ko’rsa, umum iqtisod zarar ko’radi. Moda dizaynerlari Oskar tantanasi uchun yulduzlarni tekinga kiyintirib, o’z mahsulotlarini reklama qiladi. Yulduzlar bu yil qizil gilamda ko’rinmasa, deydi dizaynerlar, “bizning biznes bu yil deyarli foyda ko’rmaydi”.

Oskar taqdimotini namoyish etuvchi ABC telekompaniyasi 30 sekundlik reklama uchun 1,6 million dollar haq oladi. O’tgan yili marosim bu kanalga 80 million dollar keltirgan. Ko’rsatuv qancha uzoqqa cho’zilsa, shuncha mo’may daromad. Taxminan har uch minutda bir reklama. Shunday ekan, bugun televideniyelar ham tashvishga tushgan.

Amerikada ommaviy axborot vositalar faqat reklama evaziga kun ko’radi. Jurnalist Brayan Staynberg:

”AQShda televizion va radio dasturlar sifati pasayib borayotgani odamlarni Internetga yetaklamoqda. Demak, xususiy sektor ham Internetda reklama berishga tushgan. Odamlar endi shou va kinolarni uyda o’zi istagan paytda DVDda ko’rishni xohlaydi. Yangi texnologiya teletomoshabinlarni kamaytirmoqda”.

Amerika Kino Akademiyasi “Oskar mukofoti taqdimot marosimi har yilgidek katta tantana qilinadi va ko’rsatiladi” deya bayonot bergan. Lekin ssenariychilar ishga qaytmoqchi emas.

Shouni olib borishi kutilayotgan Jon Styuart namoyishchilar bosimi ostida ishxonasiga kira olmayapti. Murosaga kelinar degan umid bor, lekin qanchalik kulgili va erish tuyulmasin, Oskar taqdimoti matnini yozadigan odam yo’q.

XS
SM
MD
LG