"Musulmon Birodarlar" Misr siyosiy sahnasida faollashmoqda


Misrda “Musulmon Birodarlar” harakati o’z siyosiy dasturini e’lon qilgan.

Guruh, bir tomondan, so’z va fikr erkinligini targ’ib qilmoqda. Boshqa tomondan islomiy mafkuralarni. Xotin-qizlarni teng huquqli fuqaro deb bilmaydi. Shuningdek o’zga din vakillarini kamsitadi.

“Musulmon Birodarlar” tashkiloti 1928 yilda tuzilganidan beri davlat va oila islomga asosan boshqarilishi lozim deb keladi.

Guruh siyosiy maqsadlariga erishish yo’lida zo’ravonlikdan voz kechgan. Yillar mobaynida ko’pgina arab davlatlarida ish yuritib, yirik siyosiy kuchga aylangan.

“Musulmon Birodarlar” harakati yaqingacha siyosiy platformaga ega emas edi. Misrda diniy-siyosiy guruhlarga yo’l ochilgach, endi o’z dasturini e’lon qilgan.

Vashingtonda faoliyat ko’rsatuvchi arab tahlilchi Amir Hamzavi siyosiy dastur “Musulmon Birodarlar” uchun katta burilish deydi.

Tashkilot programmasiga ko’ra fuqarolar so’z va din erkinligi bilan ta’minlanishi va ularning mulkka egalik huquqi himoyalanishi lozim. Davlat suvereniteti hamma narsadan ustun deyiladi. Lekin qonunchilikka kelganda diniy ulamolar bilan maslahatlashishga chaqiradi.

“Musulmon Birodarlar” nazarida, deydi Hamzavi, shariat masalalarida prezident va parlamentga emas, diniy ulamolarning so’ziga amal qilish kerak.

Ushbu taklif, ya’ni Misrni Eron kabi diniy tuzumga aylantirish talabi hatto tashkilotning ba’zi a’zolari orasida ham norozilik uyg’otgan.

Tadqiqotchi Amir Hamzavining aytishicha, Yaqin Sharqda demokratiyani targ’ib qilayotgan AQSh va Yevropa diniy guruhlarga hech qachon ijobiy ko’z bilan qaramagan.

Aksincha, G’arb bu guruhlarni erkinlikka to’g’anoq deb biladi.

Tashkilot dasturiga ko’ra, musulmon bo’lmagan fuqarolar va ayollar prezident yoki bosh vazir bo’la olmaydi.

Siyosatshunos Natan Braun fikricha bunday diskriminatsiya G’arbni kuchli xavotirga solib keladi.

“AQShda ateistlarning saylanishi qiyin bo’lganidek, Misrdek konservativ jamiyatlarda ochiq saylov o’tgan taqdirda ham ayol kishining yoki nasroniylarning rahbarlikka tayinlanish ehtimoli juda yiroq,” - deydi Braun.

“Musulmon Birodarlar” ta’kidiga ko’ra, siyosiy lavozim qator diniy majburiyatlar bilan keladi va ularni faqatgina erkaklar bajara oladi. Bunday qarash tashkilotning o’ziga zarar va bora bora pand beradi, deydi sharhlovchi Braun.

“Islomiy guruhlarga tahdid sifatida emas, siyosiy raqib sifatida qaray boshlasak, balki xalqlarning o’zi nima oq-u nima qora ekanini tushunib, mintaqada tabiiy o’zgarishlar bo’lishi mumkin.”

Tahlilchilar fikricha “Musulmon Birodarlar” Misr xalqiga demokratik maqsadlar haqida gapirmasa va ommani asl niyati milliy taraqqiyot yo’lida harakat qilish ekaniga ishontira olmas, siyosiy sahnaga chiqa olmaydi.

XS
SM
MD
LG