Breaking News

Jorj Bush bugun xalqqa hisobot beradi


Bugun AQSh prezidenti Jorj Bush Kongressda chiqish qilib, xalq oldida yillik hisobot beradi. Kongress oldida yilda bir marta ko’rinish - 1790 yilda AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington asos solgan siyosiy an’ana. Mamlakat tarixida ayrim prezidentlar hisobotni faqat yozma holda yo’llagan kunlar ham bo’lgan.

Oq Uyga ko’ra Bush bugun yaqin o’tmishni sarhisob qilmay ko’proq kelajak haqida so’zlaydi.

Prezident Kongressda ko’pchilikni tashkil etuvchi demokratlar bilan til topishsa bo’ladigan va hamkorlikda ishlay oladigan masalalarga diqqatini qaratmoqchi. Xususan iqtisodiyotni yuksaltirish va terrorga qarshi kurash borasida.

Yaqin Sharqdagi vaziyat, Falastin davlatini barpo etish hamda Iroqdagi ahvolni o’nglash Bush tashqi siyosatidagi asosiy mavzular.

Kongressda ko’pchilik Bushdan askarlarni Iroqdan olib chiqishni talab qilmoqda. AQShning Iroqdagi bosh qo’mondoni general Deyvid Petreus asta sekin bunga erishamiz deydi.

"Iyulga qadar ikki batalyon va bir qator jangavor brigadalarni olib chiqish rejalagan," deydi general.

Prezident dunyo bo’ylab ocharchilik hollari ko’payayotgani va SPID kasalligiga qarshi kurash haqida ham so’zlaydi. Kelasi oy Jorj Bush Afrika davlatlariga safar qiladi.

Bush 2009 yil yanvar oyida Oq Uyni yangi prezidentga topshiradi. Kelasi yilgi hisobotni Bush Kongressga yozma ravishda uzatishi mumkin. Yangi rahbar esa odatda inauguratsiyadan so’ng xalqqa o’z rejalari haqida gapiradi.

Bush ma’muriyatiga ko’ra, AQSh iqtisodiyotidagi ayrim muammolarga qaramay, iqtisodiyot ancha tetik. Oq Uy vaziyatni o’nglash uchun ba’zi bir tashabbuslar bilan chiqqan, biroq prezidentlik uchun kurashayotgan nomzodlarning ba’zilari Oq Uyni xato siyosatda ayblamoqda.

AQSh Moliya vaziri Genri Polson so’nggi bir necha kun davomida Kongress rahbarlari bilan ayrim tashabbuslarni muhokama qilgan, aniqrog’i oddiy fuqarolarga soliqlarning bir qismini qaytarish, tadbirkorlarga esa sarmoya uchun qo’shimcha sharoit yaratishni.

Vazir Polson fikricha, iqtisodiy o’sish susaygan bir paytda barcha imkoniyatlarni ishga solish kerak.

Muhokama etilayotgan tashabbuslar xaridor va tadbirkorlarga ijobiy ma’noda ruhiy ta’sir ko’rsatadi.

"Xavotirga o’rin yo’q. Umuman olganda AQSh iqtisodiyoti sog’lom. Asosi baquvvat. O’sish bir oz susaydi xolos," deydi moliya vaziri.

Oq Uyning 150 milliard dollar qiymatli taklifi kuchga kirishi uchun Kongressning har ikkala palatasi uni ma’qullashi lozim. Demokrat senatorlar unga qo’shimcha qilib, ishsiz fuqarolarga ijtimoiy yordamni kuchaytirmoqchi, biroq prezident Bush qonunning qabul qilinishini cho’zuvchi tuzatishlarga qarshi.

Oq Uy taklifi prezidentlikka da’vogarlar tomonidan ham muhokama qilinmoqda. Respublikachi nomzod Mayk Xakkabining aytishicha, AQSh qarzining aksariyat qismi Xitoy mollari hisobiga qoplanadi, bu esa Oq Uy yangi qonun uchun Xitoydan 150 milliard dollar qarz olyapti degan gap.

"Amerikalik xaridorlar ularga qaytarilgan soliqlarni nima qiladi? Do’konlarga borib Xitoyda ishlangan mollarni sotib oladi," deya o’z savoliga javob qaytaradi Xakkabi.

Uning fikricha, AQSh infratuzilmasi va transport tizimini yaxshilash zarur. Biroq Moliya vaziri Polsonning aytishicha, bu bilan iqtisodiyotni qisqa muddatda kuchaytirib bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG