Breaking News

O'zbekistonliklar fikricha Rossiyada saylov nodemokratik o'tadi


Rossiyada sobiq bosh vazir Mixail Kasyanov, amaldgai rahbar Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi, presidentlikka nomzod sifatida ro’yxatga olinmadi.

Kasyanov jamoatchilikni 2 mart kuniga mo’ljallangan saylovni boykot qilishga chaqirmoqda.

O’zbekiston siyosiy doiralari Rossiyadagi saylovoldi manzarani yaqin kuzatayotgan bo’lishi mumkin, ammo ommaviy axborot vositalarida bu borada ma’lumot yo’q.

Rossiya Markaziy Saylov Komissyasi hozirgacha to`rt nomzodni ro`yxatga olgan.

Ular Putin tomonidan tavsiya etilgan Dmitriy Medvedev, Kommunistlar yetakchisi Gennadiy Zyuganov, Liberal-Demokratlar Partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy va Demokratik Partiya rahbari Andrey Bogdanov.

Komissiyasi Mixail Kasyanov nomzodini yetarlicha imzo to’planmagan deya rad etgan.

Rossiyada prezidentlikka nomzod bo`lish uchun ikki millionga yaqin imzo yig`ilishi kerak. Komissiyaga ko'ra, Kasyanov yiqqan imzolarning 13 foizi soxta.

Kasyanovning aytishicha esa uni aynan Putin buyrug’i bilan saylovda chetlashtirishgan. Vaholanki, Kasyanov Putin qo’li ostida bosh vazirlik qilgan va 2004 yilda vazifasidan bo`shatilgach, muxolifat safida kirgan edi.

O’zbekistonda hukumatni tanqid qiluvchi tahlilchilar nazarida Kasyanov - Rossiyada demokratik islohotlar, oshkoralik va matbuot erkinligi uchun kurashayotgan namoyonda.

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha Kremlda hozir chekistlar sulolasi hukm surmoqda. Kasyanovni nomzod sifatida tan olmaslik shu bilan bog`liq.

“Bu Kremlning avtoritar tuzum sari ketayotganidan darak beradi. Maqsad demokratik muxolifatni saylovga kiritmaslik. Rossiya maxsus xizmati vakillari turli soxtaliklarni amalga oshirib, demokratlarga yo`l bermoqchi emas”, - deydi Aliyev.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovning aytishicha esa Kasyanovga ta`qiblar uning G`arb tomonidan quvvatlanayotganiga borib taqaladi.

“Yedinaya Rossiya” ning tarafdorlari juda ko’p. Muxolifat va Kasyanovni ham aholining ma`lum foizi quvvatlaydi. Shu bilan bir qatorda u turli xalqaro tashkilotlar, xorijdagi ayrim kuchlar tomonidan qo`llanmoqda. Hukumat ehtimol shuning uchun uni ta’qib qilayotgandir. Lekin imzolar soxtlashtirilgan degan fikrga qo`shilaman”, - deydi Soyibnazarov.

Siyosatshunoslar taxminicha Rossiyada saylovlar siyosiy jihatdan erkin va muqobil nomzodlar ishtirokida o’tmaydi. Nomzodlarning aksariyati Kreml tomonidan boshqariladigan, yasama yetakchilar deydi ular.

Ko’pchilik saylovda Putin tavsiya qilgan Dmitriy Medvedov, “Yedinaya Rossiya” nomzodi g`alaba qiladi deya ishonch bildirmoqda.

Hukumat tizginidagi matbuot va ommaviy axborot vositalari, xuddi O’zbekistonda kuzatilganidek, bir nomzodni targ’ib qilish bilan ovora.

Medvedev prezidentlikka kelsa, Putin bosh vazirlik lavozimini egallashi mumkin.

XS
SM
MD
LG