Breaking News

Bush xalq va Kongress oldida yillik murojaat bilan chiqdi


Dushanba kuni prezident Bush Kongress va Amerika xalqi oldida o’zining so’nggi yillik nutqini qildi. Mamlakat rahbari xalqdan Iroqdagi siyosatni qo’llab-quvvatlashni, qonun chiqaruvchilardan esa AQSh iqtisodiyotini kuchaytirish uchun u taklif etayotgan choralarni ma’qullashni so’radi.

Bu Jorj Bushning prezidentlik davridagi yettinchi hisoboti bo’ldi. Bush o’z nutqida o’tmishga to’xtalmadi. Nutqining yarmini tashqi siyosatga bag’ishladi. Asosan Iroqdagi urushga.

"Iroqqa qo’shimcha 30 ming askarning yuborilishi katta foyda keltirmoqda. Al-Qoida Iroqda qochmoqda. Dushman yengilmoqda," dedi Bush.

Yaqin Sharq masalasi ham Bush hisobotidan chetda qolmadi. Hisobotda Bush Eron hukumatiga murojaat ham qildi.

"Yadro rejangizning asl maqsadini yashirmang, mamlakat ichida ta’qiblarni bas qiling, chetda terrorni quvvatlashdan toying. Shuni bilib qo’yingki, Qo’shma Shtatlar o’z askarlariga tahdid solayotgan kuchlarga qarshi turib, Fors Ko’rfazidagi muhim manfaatlarini himoya qiladi."

"AQSh iqtisodiyotini kuchaytirish kerak. Iqtisodiyotning hozirgi susayishi tanazzulga olib kelmaydi," dedi Bush.

AQSh rahbari Kongressni iqtisodiyotni kuchaytirishga qaratilgan rejani qabul qilishga, shuningdek, hukumatga fuqarolar va terrorchilikda ayblanayotganlar o’rtasidagi muloqotni sud qarorisiz yashirincha kuzatishga imkon beruvchi dasturni yangilashga chaqirdi.

An’anaga ko’ra, prezidentning yillik hisoboti ketidan Demokratlar rasmiy munosabat bildiradi. Va odatda raqib partiya vakili tanqid bilan chiqadi.

Biroq bu yili muxolifatdagi demokratlarning Bush nutqiga rasmiy munosabati tanqidiy bo’lmadi. Kanzas shtati gubernatori Ketlin Sebelius hukumatni birlikka va hamjihatlikka chaqirdi.

"So’nggi besh yil mamlakatimizga qimmatga tushdi. Ko’plab fuqarolarimizni yo’qotdik, minglab yaralanganlarning kelajakka umidlari so’ndi. Resurslarimizni chetda sarflab mamlakat ichidagi muammolar yechilmay qolib ketdi. Tashqi siyosatimiz natijasida ittifoqchilarimiz kamayib, dushmanlarimiz ko’paydi. Janob prezident, qarorlar Kongress bilan hamkorlikda qabul qilinsagina, jahondagi eski mavqemizni qaytib olamiz," dedi demokratlar vakili Bush hisobotiga partiyaning rasmiy munosabatini bildirar ekan.

Jorjiya shtatidan respublikachi kongressmen Jek Kingston Bush chiqishini olqishladi.

"Prezident Bush o’z nutqida yangi qarorlarni taklif qilmasdan, dolzarb masalalarga to’xtalib o’tgani to’g’ri ish bo’ldi."

Boshqa qonun chiqaruvchilar ham Bush nutqiga o’z munosabatlarini bildirdilar.

"Prezident nutqida yosh amerikaliklarga murojaat qilmadi. Maorif, sog’liqni saqlash, qo’shinlarni Iroqdan qaytarish haqida lom-lim demadi. Yoshlarga umid bag’ishlamadi," dedi Florida shtatidan demokrat Debbi Vasserman-Shults.

Demokratlardan prezidentlikka nomzodlar, senatorlar Barak Obama va Xillari Klinton Bush nutqini quruq safsata dedi.

Obama Bushni buzuq siyosiy tuzumning bir bo’lagi deb atadi. Klinton esa prezidentni iqtisodiyotni jar yoqasiga keltirgan siyosatini hali ham olg’a surayotganlikda aybladi.

XS
SM
MD
LG