Saylovoldi musobaqa qizirkan, Oq Uyga da'vogarlar siyraklashmoqda


Qo’shma Shtatlarda prezident saylov kampaniyasi avjiga chiqar ekan, kecha Demokrat senator Jon Edvards va respublikachi Rudi Juliani poygadan chiqdi.

Endi Demokratik partiyadan ikki nomzod – Xillari Klinton va Barak Obama orasida raqobat yanada kuchayishi tayin.

Kecha Yangi Orlean shahrida so’zlar ekan, Edvards o’z tarafdorlarini umidsizlanmaslikka, farovon hayot uchun kurashishda davom etishga chaqirdi. Amerika xalqi bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi zarur dedi sobiq senator.

Odatda u yoki bu nomzod poygani tark etsa, u raqiblaridan biriga xayrixoh ekanini ma’lum qiladi. Lekin Jon Edvards kimni qo’llab-quvvatlashini hozircha aytmayapti.

Xillari Klinton ham, Barak Obama ham Jon Edvardsning faoliyati, mamlakat ravnaqi yo’lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.

Respublikachilarga kelsak, Nyu-York shahar sobiq meri Rudi Juliani prezident bo’lish da’vosidan kecharkan, partiyaning yetakchi nomzodi Jon Makkeynni quvvatlamoqda.

Senator Makkeyn, deydi siyosiy shahrlovchilar, saylov kampaniyasida ko’p moliya sarflamasdan, o’z siyosiy tajribasiga tayangan holda xalq ko’nglini ovlamoqda.

Kaliforniya shtati gubernatori Arnold Shvarsenegger ham Makkeyn tomonda.

XS
SM
MD
LG