AQShda keksalar xalqqa pulni ayab ishlatishni nasihat qilmoqda


Amerika iqtisodiyoti susayib, qaddini qayta tiklashga urinar ekan, prezident Bush xalqqa moliyaviy yordam berish kerak deb Kongressdan 150 milliard dollarlik loyihani ma’qullashni so’ramoqda.

Iqtisodiy qiyinchiliklar Amerikada ayniqsa keksalarga og’ir tushmoqda. AQShda yoshi ulug'lar siyosiy jihatdan faol qatlam hisoblanadi. Saylovda ovoz beradi, kongressmen yoki senatorlarga shikoyat xati yozishga usta va kundalik yangiliklardan yaqindan boxabar.

77 yoshli Mari Anna Xatton 1930-yillardagi ocharchilikni yaxshi eslaydi. Nafaqadagi o’qituvchi umuman olganda bugungi hayotidan mamnun.

Bu iqtisodiy muammolar o’tadi ketadi, undan-da muhim masalalar bor deydi u.

"Hayot-da, kun sayin o’zgarib boradi. Kichik bir xonada yashayman. Kabelga ulanmaganman, oddiy televizor ko’raman. Mashinam eski, lekin yuradi. Sug’urtaga ko’p to’lamayman. Bu iqtisod… Pulni ayab ishlatishni o’rganasiz".

Amerika nafaqaxo’rlar tashkiloti berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, 2030 yilga borib, mamlakatda pensiya bilan yashayotganlar soni 72 millionga yaqinlashadi. Bu bilan ular aholining 20 foizini tashkil eta boshlaydi.

Keksalar uchun eng asosiysi, tabiiyki, sog’liqqa qarash - Amerikada eng qimmat xizmat sohasi. Iqtisod susaysa, dori-darmon narxi va muolaja bahosi oshadi. Tibbiy sug’urta kompaniyalari ham ko’proq to’lov so’raydi.

Frank Short Florida shtatining Tampa shahrida yashaydi. Sobiq quruvchi. "Qimmatbaho qog’ozlar bozoridagi inqiroz",- deydi u, "ko’pchilikni sarosimaga solib qo’ygan".

Keksalar yiqqanini aksiyaga sarflab qo’ygan. Qo’lda ko’p pul yo’q. Ko’chmas mulk bozori sust ekan, sarmoya kuymoqda.

"Aksiya bozoridagi pulimni qaytib olib, uni boshqa narsalarga sarmoya qilmoqchiman. Balki shunda ko’proq foyda olarman. Lekin hali hech narsa qilganim yo’q. Vaziyatni kuzatyapman xolos",- deydi janob Short.

80 yoshli Karolina Boston esa bir paytlar Vashingtonda kotibalik qilgan. Bugun oylik daromadi 1400 dollar. Shundan 1100 dollarining joyi bor. Kichik bir kvartirada istiqomat qiladi. Tibbiy xarajat katta va oy so’nggida hamyon hamisha bo’shab qoladi deydi onaxon.

"Nafaqaga chiqaman deb uzoq yillar ozgina bo’lsa-da pul yig’ib qo’ygan edim. Bir kun kelib huzurini ko’raman der edim. Lekin inflyatsiya hamma niyatlarimni puchga chiqardi".

Karolina Boston ham boshqa amerikaliklar singari farzandlari va nabiralari kelajagi haqida o’ylanadi. Bugungi muammolar ertangi kunni ham og’irlashtiradi deydi u.

Hukumat yordam sifatida soliqning bir qismini qaytarib berishni ko’zlamoqda. Lekin bu ko’mak, deydi keksalar, uzoq muddatli barqarorlikni ko’zlamayapti.

XS
SM
MD
LG