Rossiyada millatchilik falokatli tus olmoqda


2007 yilda 356 nafar Tojikiston fuqarosining jasadi Rossiyadan vataniga qaytarilgan. Ular o`limiga kasallik, baxtsiz hodisa va irqchilar sabab bo`lgan.

Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi ushu raqamlarni izohlar ekan, buni irqchi guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan jinoyat deya ta’riflagan.

O`zbekistonda bu borada ma`lumot yo`q. Kuzatuvchilar mazkur raqamning Tojikistondagi ko’rsatkichga nisbatan ko`p bo`lishi mukin deya taxmin qiladi.

“Prokuraturaga murojaat qilsangiz ham ro`yxatdan o`tganmisan deb so`raydi. Ro`yxatdan o`tgan nodavlat tashkilotlar bu kabi masala bilan shug`ullanmaydi, ularga qiziq emas. Lekin Tojikistonda ahvol shunday bo`lsa, O`zbekistonda undan o`gir bo`lishi kerak. Aeroportdagi tanishlar ham biror reys yo`q-ki, tobut bo`lmasa deb aytishadi”, - deydi huquq himoyachisi Komiljon Ashurov.

Uning aytishicha, Rossiyaning yirik shaharlaridan qaytayotgan mehnat muhojirlari taqirboshlar ko`pligidan kechqurun ko`chaga chiqishga qo`rqadi.

Rossiya, Qozog`istonga ish izlab ketayotgan mehnat muhojirlari soni, ular taqdiri, ijtimoiy himoyasi O`zbekiston qonunchiligida o’z ifodasini topmagan.

Nodavlat tashkilot vakillari hisob-kitobiga qaraganda, ish izlab chiqib ketayotgan o`zbekistonliklar soni 4-5 million kishi atrofida.

Rossiya matbuotida berilgan xabarga ko`ra, Omsk oblastida ikki nafar Rossiya fuqarosini o`ldirishda ayblangan besh o`zbekistonlik 13 yarim yildan 16 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ma`lumotlarga ko`ra, mahalliy yigitlar pul talab qilib o`zbeklarni do’pposlagan. Kaltak yeb, pulidan ajragan o`zbekistonlik, qurilish brigadasi uchun berilgan mablag`ni qaytarib olish maqsadida hamyurtlarini boshlab kelgan, janjal ikki nafar rossiyalikning o`limi bilan tugagan.

Huquq himoaychilari fikricha, qotillarning jazoga tortilishi kamdan kam ro`y beradigan hodisa.

“Rossiya huquq-tartibot xizmati bunday jinoyatlarni ochishni istamaydi. Hukumat millatchilar borligi, ular qilyotgan jinoyatni yashirishga urunib keladi. Rossiyalik huquq himoyachilari irqchilar tufayli o`ldirilgan o`zbeklar, tojiklar, osiyoliklar haqida ko`plab ma`lumot bermoqda. Lekin na O`zbekiston hukumati, na Rossiya hukumati shunday muammo borligini gapirmagan”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Rossiyadagi “Sova” axborot-tahlil markazi o’tkazgan tadqiqotga ko`ra, irqchilik bilan bo’gliq jinoyatlar ayrim siyosiy guruhlar tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.

Ekspertlar fikriga ko`ra, ish izlab ketayotgan o`zbekistonliklar soni yil sayin ko`payib bormoqda.

Rasmiy hisobotlarda ta’kidlanishicha, bu iqtisodiy o`sishdan darak beradi. Biroq tanqidchilar bu iqtisodiy vaziyatning og’irlashib borayotganidan nishona demoqda.

XS
SM
MD
LG