Amerikada musulmonlarning yangi avlodi voyaga yetmoqda


Amerika bo’ylab o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, musulmonlar hayoti bu jamiyatda o’tgan yillar ichida ancha og’irlashgan.

Bunga qator sabablar bor: islomga nisbatan qo’rquv va salbiy munosabatning kuchayishi, matbuotda musulmonlarni faqat terror va zo’ravonlikka bog’lash.

AQShdagi yosh musulmonlar bunday qarashlarni yengishga bel bog'lagan.

16 yoshli Imron Shoh har kuni bo’lmasa-da, haftada bir marta masjidga boradi. O’zini musulmon deb biladi. Lekin odamlarning uni diniga qarab baholashini istamaydi.

"O’tgan juma maktabimiz oshxonasida bir narsa paqillab ochilib ketdi. Odamlarning yuzidagi qo'rqinchni ko’rsangiz edi. Qizig’i shuki, hamma Imron qani deb meni qidirib qoldi…"

Imron “jahlim chiqqani yo’q” deydi. Odamlar dinini savolga tutganida, ularga islom haqida bilganini tushuntirishga harakat qiladi.

"Ekstremistlar boshqa odamlar deyman. Ularning qarashi boshqacha. Bilim izlagan odam kengroq o’ylashi kerak",- deydi Imron.

Islomshunos olim Zohid Buxoriy fikricha Amerikada musulmonlarning yangi avlodi voyaga yetmoqda. Ular g’arbda sharq madaniyatining eng yuksak qadriyatlari bilan katta bo’lgan.

"Ham u, ham bu dunyoning go’zal jihatlarini o’zida namoyon etadi bu avlod. Ular o’ziga ishonadi. O’zini ham amerikalik, ham musulmon, ham ziyoli inson deb biladi",- deydi Buxoriy.

Uning tahlilicha bu yoshlar zamonaviy islom elchilari bo’ladi. Ularning e’tiqodi ota-onalarinikidan ancha farq qiladi.

"Bu yoshlar bilim jihatdan kuchli. Dunyoqarashi keng. Erkin jamiyatda erkin fikrlashga, erkin ish tutishga o’rgangan avlod vakillari. Ularni majburlash qiyin",- deydi Buxoriy.

19 yoshli Sanjana Qosim beshinchi sinfdan beri boshini o’raydi. Xushchaqchaq, gapga chechan qiz. Ro’molim men uchun hech narsani cheklamaydi, deydi u.

"Odamlar, voy bechora, ota-onang hoynahoy shunga majbur qilgan deb o’ylashadi. Yo’q, bunga men o’zim shaxsan ahd qilganman",- Sanjana.

Imron ham, Sanjana ham maktabida musulmon uyushmasiga a’zo. Maqsad darsdan bo’sh paytda islom va unga e’tiqod qiluvchi insonlar haqida boshqa tengdoshlari bilan o’rtoqlashish.

AQSh va Kanadada bu uyushmalar faoliyati kengaygan. Maktab ma’muriyatlari ham ularni quvvatlamoqda. Islom haqidagi ma’ruzalarga qiziqqanlar orasida ko’plab o’qituvchilarni ham uchratasiz.

Bugun Amerikada norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, yetti millionga yaqin musulmon bor. Ularning ko'pi o'qimishli, uy-joyli va kasbli insonlar. Ko'pchiligi Janubiy Osiyoda davlatlaridan, xususan Afg'oniston, Pokiston va Hindistondan kelgan muhojirlar va ularning Amerikada ulg'ayayotgan farzandlari. Shuningdek, arab kelib chiqishiga ega musulmonlar ham katta sonni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG