Breaking News

O'zbekiston va Rossiya AQSh matbuoti nigohida


“Vashington Tayms” AQSh Kongressi inson huquqlari bo’yicha komissiyasining Rossiyadagi ahvolga munosabatini yoritgan.

2 martga belgilangan prezident saylovlari oldidan Kremlning xalqaro kuzatuvchilar sonini cheklashi komissiya tomonidan tanqid ostiga olingan.

Saylov jarayonidan oldingi vaziyatni baholash bilan shug’ullanayotgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti guruhining ishiga to’siqlar qo’yilayotganiga urg’u berilgan.

Florida shtatidan demokrat kongressmen Elsi Xeystingsning aytishicha, Rossiyaning bunday harakatlari prezident saylovlari kampaniyasini xolis baholashga imkoniyat bermayapti.

2004 yilgi prezident saylovlarini Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan 800 ga yaqin xalqaro kuzatuvchi monitoring qilgan edi. Bu safar esa ularning soni rasmiy Moskva talabiga ko’ra 400 ga tushirildi.

Ayrim G’arb tahlilchilari nazarida, qatorasiga uchinchi bor saylanish huquqiga ega bo’lmagan prezident Vladimir Putin bunday cheklovlar bilan o’zi tanlagan nomzod, Dmitriy Medvedevning saylanishini osonlashtirmoqchi.

AQShning yana bir gazetasi, “Nyu-York Tayms” Toshkentga yaqinda safar qilgan AQSh admirali Uilyam Fallon tashrifi misolida AQSh-O’zbekiston aloqalari iliqlashayotganini ta’kidlaydi.

Fallonning “Nyu-York Tayms”ga aytishicha, ayni damda O’zbekiston bilan hamkorlikni o’z ichiga olgan reja mavjud emas.

U harbiy bazaning qayta ochilishi yoki AQSh samolyotlarining O’zbekiston havo hududi orqali uchib o’tishiga ruxsat so’rash uchun ham bormagan.

Iroq va Afg’onistondagi harbiy operatsiyalar uchun javobgar admiralga ko’ra, u Toshkentga Islom Karimov bilan tanishish uchun, muloqotni yangilash uchun borgan.

Biroq buning ortida, deb yozadi “Nyu-York Tayms”, muhim jarayonlar bor. Bu Moskvadan janubi-sharqda, Kaspiydan Xitoy chegaralarigacha joylashgan davlatlarga nisbatan AQSh tashqi siyosatining o’zgarayotganidan nishona.

Prezident Bushning demokratiyani kuchaytirishga qaratilgan chaqiriqlari bu mamlakatlarda qarshilikka uchradi. Demokratiyani targ’ib qilish siyosati o’tmadi, deya yozadi gazeta.

Neft va gaz, savdo va transport aloqalari, harbiy hamkorlik, narkotiklarga qarshi kurash bobida Qo’shma Shtatlar ushbu hududda imkoniyatni Rossiya va Xitoyga boy berdi.

3-4 yil burun bir necha mamlakatda ro’y bergan rangli inqiloblar butun mintaqani qoplamadi. Andijon voqealaridan keyin yangaragan G’arb tanqidi Karimov tuzumiga katta zarar yetkazmadi, deydi gazeta.

Admiral Fallon Karimov bilan suhbatda inson huquqlari va siyosiy erkinlik bilan bog’liq masalalar ikki davlat o’rtasidagi muammoli munosabatlarga sabab bo’layotganini aytib, O’zbekiston va AQShning maqsad va manfaatlari mushtarak bo’lgan yo’nalishlarda hamkorlikni yo’lga qo’yishga chaqirgan.

“Nyu-York Tayms” Fallonning “o’tmishni o’zgartirib bo’lmaydi, kelajakka nigoh tashlash kerak” deb Karimovga aytgan gaplarini keltiradi.

Gazeta xulosasiga ko’ra, MDH davlatlarida hukumatga qarshi yurishlar va inqiloblar so’ndi. Uch yil burun ozodlik chaqirig’ini eshitgan mintaqada rahbarlar o’z mavqeini saqlab qolishga muvaffaq bo’ldi.

XS
SM
MD
LG