Irq va jins: Amerika yangi davr bo'sag'asida


AQShda bu yilgi prezident saylovlari irqiy va jinsiy tenglik haqiqatda qadrlangan jarayon sifatida tarixga kirsa ajabmas.

Hammaning diqqati ikki nomzodda - biri ayol, ikkinchisi esa qora tanli siyosatchi. Demokratik partiyaning taniqli a’zolari senator Xillari Klinton va Barak Obama.

Klinton xonim sobiq prezidentning ayoli. Oddiy oila farzandi. Advokat sifatida uzoq yillik tajribaga ega. Siyosat o’chog’ida pishgan va hayotini shu yo’lga bag’ishlagan arbob. 2001 yilda Nyu-York shtatidan Senatga saylangan.

Barak Obamani esa yosh va navqiron, tub o’zgarishlar va’da qilayotgani uchun yangi zamon farzandi sifatida ko’rishmoqda. Kasbi advokat. Senatga 2004 yilda saylangan. Kim marraga yetishidan qat’iy nazar, deydi har ikki nomzod, AQSh yangi davr ostonasida turibdi.

2008 yilgi prezident saylovlari AQShdagi avvalgi saylovlardan tubdan farq qilishi bashorat qilinmoqda.

“Haqiqat shuki”, - deydi professor Darrell Vest, “bu yil Demokratik partiya nomzodi mamlakat tarixidagi ilk shunday shaxs bo’ladi – yo ayol, yo qora tanli. XX asr boshlarigacha bu turdagi insonlar hatto ovoz berish huquqiga ega emas edi.”

1950 yilda Amerika xalqining 37 foizi qora tanli nomzod uchun ovoz berishi mumkinligini bildirgan.

1990 - yillarga kelib esa qora tanli, ayol, yahudiy, katolik nomzodga ovoz berishim mumkin deydiganlar 90 foizni tashkil eta boshladi.

Biroq bu o’zgarishlar bilan, deydi siyosatdonlar, Amerikada tenglikka erishildi deyish qiyin edi. Tashqaridan o’zlarini demokratdek tutib, ayol yoki qora tanli nomzodga ovoz beraman deb qanchalik bong urmasin, aslida ovozini faqat oq tanli erkaklarga berganlar yaqingacha ham ko’pchilik edi. Biroq bugun manzara boshqacha.

“Bu yilgi partiyaviy saylovlarda demokratlarning 80-90 foizi ayol yohud qora tanli nomzodga ovoz bergan. Agar ular oq tanli, erkak nomzodni olib chiqmoqchi bo’lganida Jon Edvards bugun peshqadam bo’lardi. Biroq uni president sifatida ko’rmoqchi bo’lganlar saylovchilar 10 foizni tashkil etdi xolos”, - deydi professor Vest.

Xillari Klintonga aksariyat ayollar ovoz beradi, qora tanlilar esa Barak Obamaga deb qaralgan bo’lsada, natija o’zgacha. Obamani ko’pchilik ayollar va yosh saylovchilar quvvatlayotgan bo’lsa, qora tanlilar va lotin-amerikaliklar Klintonni maq’ul ko’rmoqda. Saylovchilar orasidagi bunday uyg’onish va rang-baranglik, deydi professor Vest, xalq amaldagi rahbar Jorj Bushning samarasiz siyosatidan charchaganini ko’rsatadi.

“O’z qaror va ishlari bilan odamlar orasida norozilik uyg’otgan Bush siyosiy arenaga turli, din, irq va jinsdagi siyosatchilarning kelishiga sababchi bo’ldi. Oq tanli erkaklar siyosatni eplolmagach, omma endi ayol yoki qora tanli nomzodga umid bog’lamoqda”, - deydi professor Vest.

Biroq bu fikrga qo’shilmaydiganlar ham talaydina. Ular nazarida Amerika siyosiy maydonidagi yangiliklarni faqat jin yoki rang belgilayotgani yo’q. Qo’shma Shtatlar burilish yoqasida. Mamlakatga ayolmi-erkakmi, qorami-oqmi, zamon talabini qondira oladigan rahbar kerak deydi siyosiy tahlilchi Pola Makleyn.

“To’g’ri AQSh siyosiy qiyofasi irq jihatdan ko’p o’zgardi. Biroq bu bilan Amerikada barcha qora tanli nomzod uchun ovoz berishga tayyor degani emas. Ayol nomzodga kelganda ham shu hol.”, - deydi professor Makleyn.

Respublikachi nomzodlar orasida oldidan ketayotgan Jon Makkeyn bu yil 72 yoshga kiradi. Uzoq yillik senator prezidentlik uchun ancha keksayib qolgan emasmi? - deya so’rayotganlar ko’p. Biroq hozir Amerikaga u singari tajribali va o’tkir, urushlarda xizmat qilgan, ko’pni ko’rgan rahbar zarur ekani ham tilga olinadi.

Prezidentlikka Respublikachi va Demokratik partiyalardan oxirigacha kim borishi hali aniq emas. Biroq ularning bugungi Amerika jamiyatini aks ettirishiga shubha yo’q.

XS
SM
MD
LG