Kongress: Bush ma'muriyati Afg'onistonda ishni eplay olmayapti


AQSh Kongressi Bush ma’muriyati va NATOni, Shimoliy Atlantika shartnomasi asosida ish yurituvchi harbiy ittifoqni, Afg’onistonda ishni eplay olmaganlikda keskin tanqid qilmoqda.

Afg’onistonda qator yutuqlarga erishildi, deya tan oladi qonunchilar, ammo uzoq yillik urushlardan tinkasi qurigan xalq hayoti hamon notinch.

Afg’onistondan har kuni biror portlash yoki xuruj haqida xabar keladi. Janub ayniqsa qaynoq mintaqa. O’tgan bir yil ichida mamlakatda 80 kishi o’zini portlatgan. Vaholanki, Tolibondan keyingi to’rt yil ichida Afg’onistonda 10 portlash yuz bergan edi.

Qo’shma Shtatlar bahorga borib, qo’shin sonini yana 3200 ga oshirmoqchi. Tolibon odatda ko’klamda ancha jonlanadi.

Dushman demokratiyaga qarshi jon-jahdi bilan kurashyaptimi, biz ham keskin zarba beramiz.

Vashingtonda Afg’onistondagi vaziyat haqida yakdil fikr yo’q. Notinchlik ortidagi omillar haqida gap ko’p-u, amalda nima qilish kerakligi mavhum.

"AQShning hozirgi choralari hech qanday natija bermayapti. Nima qilyapmiz o’zi"? - deydi iste'fodagi diplomat Richard Xolbruk.

”Qattiq ishlayapmiz”, - deya javob beradi AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucher. "Biror ijobiy o’zgarish yo’q deyish - haqiqatga ko’z yumish… "

Yutuqlar bor, deydi ba'zilar, lekin bugun vaziyat ancha izdan chiqqan.

"Olti yillik mehnat hozir tahdid ostida",- yana bir keksa diplomat Tomas Pikering.

Haqiqat shuki Afg’oniston hamon qoradori makoni. Jahonda afyunning 93 foizi shu mamlakatdan chiqadi. Hosil yil sayin ortib bormoqda. Keksa senator Jozef Bayden AQSh Narkotiklarga qarshi idora rahbari Deyvid Jonsonni savolga tutmoqda.

Bayden: "Qoradori beklaridan qanchasini tutib, jazoladik bugungacha"?

Jonson: "Aynan kimni nazarda tutayapsiz"?

Bayden: "Qoradori beki deganda kimni aytayotganimni bilasiz. Bu sanoatni kim yuritayotganini nahotki bilmaymiz. Kamida 10 kishi bor. Agar siz mas’ul bo’lib turib, buni bilmasangiz, ahvol chatoq".

Jonson: "Biz ulardan hech birini tutganmiz yoki jazolaganimiz yo’q".

Afg’onistonda ko’knor asosan janubiy viloyatlarda yetishtiriladi. Aynan shu hududlarda jangarilar ham faol. Shimolda ahvol ancha yaxshilangan.

Baucherning aytishicha afg’on xalqi tashqi dunyo unga yordam berayotganini biladi. Yo’llar barpo etilmoqda, yangi maktab va kasalxonalar ochilmoqda.

"Odamlar jangarilar haqida emas, bugungi yangiliklar haqida gapiradi – yonilg’i shahobchalari, internet kafelar, jamoatchilik markazlari, ko’cha va xiyobonlar… Afg’oniston tiklanmoqda",- deydi Baucher.

Lekin Afg’oniston bilan yaxshi tanish tahlilchilar AQShning bugungi siyosatini tamoman o’zgartirish kerak deb chiqmoqda.

“Ko’knordan qutulmoqchimisiz, iqtisodiy imkoniyatlar yarating”, - deydi ular. Xavfsizlik ishlarini alohida bir vakil kuzatsin. Harbiy xarajat va iqtisodiy yordam alohida hisoblansin. Qo’shinlar tekshirilsin. Xullas, siyosat tartibga solinsin.

"Afg’onistonda xavfsizlikni qo’lga olgan NATO safida askarlar yetishmaydi. Chunki Amerika askarlari Iroqda xizmat qilmoqda",- deydi tahlilchi Stenli Kober.

AQSh Afg’onistonga yetti yil ilgari kirgan bo’lsa, bugun mamlakatda uning 25 ming qo’shini qolgan.

Iroqqa besh yil burun bostirib kirilgan bo'lsa, hozir u yerda Amerikaning 150 mingga yaqin askari xizmatda.

Bush ma’muriyati har ikki davlat notinch ekan, harbiylar hali-beri vatanga qaytmaydi demoqda.

XS
SM
MD
LG