Geyts NATOga 3-5 yillik strategiya kerak demoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts va Afg’onistondagi xalqaro kuchlar qo’mondoni, general Den Maknil Kongressdagi tinglovda qonun chiqaruvchilarga Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha hisobot bergan.

Tinglovda Vakillar Palatasi va Senatning qurolli kuchlar qo’mitalari a’zolari ishtirok etgan.

Vazir Geyts Litva poytaxti Vilnyusda bo’ladigan NATO uchrashuvida alyans a’zolaridan Afg’onistonda hamkorlikni kuchaytirishni so’ramoqchi.

"NATOga 3-5 yillik strategiya kerak. Ana shu davr mobaynida Afg’oniston qanday bo’ladi, mamlakatda qanday kuchlar bo’ladi, iqtisodiy yordam va taraqqiyot darajasi qanday bo’ladi – shularning hammasini bu strategiya o’z ichiga olishi lozim," deydi Geyts.

Uning aytishicha, NATOga a’zo boshqa davlatlar Afg’onistonga qo’shimcha kuch kiritishga shoshmayapti, bu esa mamlakatdan AQSh qo’shinlari sonini qisqartirishga imkon bermayapti.

Geyts ushbu masalaga Vilnyusdagi uchrashuv davomida oydinlik kitirishga harakat qilaman deydi.

Xalqaro kuchlarning Afg’onistondagi qo’mondoni, AQSh generali Den Maknil nazarida bir necha oydan so’ng Polsha qo’shimcha askar ajratishi kutilmoqda.

General Maknil fikricha afg’on armiyasi va politsiyasi salohiyatini oshirish bilan birga qo’shni Pokiston bilan hamkorlikni ham bo’shashtirmaslik kerak.

"Afg’onistonga mintaqa doirasida qarash zarur. Mamlakat xavfsizligi va barqarorligi ko’p jihatdan qo’shni davlatlar bilan hamkorlik darajasiga bog’liq," deydi Den Maknil.

XS
SM
MD
LG