Pokiston: Xunrezlik qabilaviy hududlardan shaharlarga yoyilmoqda


Al-Qoida va Tolibon Afg’oniston chegarasida qayta jonlanmoqda. Odamlar gavjum joylarda terror xurujlari ko’paygan.

Harbiy va siyosiy tahlilchilar nazarida zo’ravonlikni to’xtatish uchun hukumat ko’rayotgan choralar ish bermayapti.

2007 yilda Pokistonda kamida 55 kishi o’zini portlatib, 600 kishi hayotiga zomin bo’lgan.

Pokiston armiyasida 39 yil zobitlik qilgan, hozirda harbiy tahlilchi Tal’at Ma’sudning aytishicha, xunrezlik qabilaviy hududlardan mamlakat shaharlariga yoyilmoqda.

Prezident Parvez Musharraf bu hududlarga 100 ming sonli qo’shin safarbar etgan bo’lsa-da, natijadan darak yo’q. Yaqinda Yevropaga qilgan safarida Musharraf Al-Qoida, Tolibon va boshqa ekstremistlarga qarshi kurashda “qo’limiz baland kelmoqda” degan edi.

Biroq Imron Xon kabi muxolifatchilar bu bayonotni rad etadi. “General Musharrafning gapi rost bo’lsa nega terror xurujlari soni tez suratda o’syapti,” - deya so’raydi Imron Xon.

Pokistonda 2007 yil sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoning o’limi bilan tugadi. Norozilik namoyishlari avj olib, saylovlar qoldirildi. Hukumat Bxuttoning o’limida Al-Qoidani ayblagan.

AQSh va boshqa davlatlar razvedkasi Al-Qoida Pokistonning qabilaviy hududlarida kuchayayotganidan tashvishda. Mintaqa guruh qarorgohiga aylangan.

Qabilalar ko’nglini ovlashga kelganda, deydi tahlilchi Tal’at Mas’ud, jangarilar Pokiston hukumatiga ko’ra ko’proq yutuqqa erishgan.

Kelasi besh yil ichida AQSh afg’on-Pokiston chegarasida maktablar-u yo’llar qurish hamda aholi savodxonligini oshirishga 750 million dollar sarflamoqchi. Bundan tashqari Pokiston armiyasiga milliardlab dollar ajratilgan.

Al-Qoida va Tolibonni yengish uchun AQSh Pokistonga qo’shin jo’natishni ham taklif qilgan edi, lekin rasmiy Islomobod rad etdi.

“Pokiston xalqi o’z zaminida ajnabiy kuchlarni xohlamaydi. Bu mamlakat suverenitetiga tahdid soladi. Chet el harbiylari Pokiston hududiga kiritilmaydi,” - deydi prezident Musharraf.

Bush ma’muriyati Parvez Musharafni hamon strategik hamkor deb ataydi, lekin ekstremizmga qarshi kurashda u ishni eplay olmayapti degan xavotir tobora kuchaymoqda.

XS
SM
MD
LG