Amerikada qora tanlilar tarixi nishonlanmoqda


Kapitoliy – AQSh qonunchilik organi joylashgan bino. Mamlakatning rasmiy timsoli.

Oq gumbazli hashamatli imorat AQSh demokratiyasining ramzi hisoblanadi. Biroq yaqin kunlargacha ham bu azim saroy qurilishida kimlar qatnashgani haqida ko’pchilik bilmas edi.

Tarixiy hujjatlar shundan dalolat beradiki 1700-1863 yillar orasida qad ko’targan Kapitoliy- qora tanli qullar mehnati mahsuli.

Felisiya Bell Kapitoliy Tarixi Jamiyati xodimi. AQSh hukumatiga tegishli aksariyat binolar qullar tomonidan barpo etilgan deydi u.

"Qullar usta quruvchilar bo’lgan. Davlat idoralari uchun biror joy kerak bo’lganda, tabiiyki, ularni ishga solishgan. Kapitoliy qurilishi uzoq davom etgan va qora tanli bunyodkorlar uchun katta maktab bo’lgan desak arziydi".

Kapitoliy qurilishiga qullar qanday yollangani haqida batafsil ma’lumot beruvchi tarixiy hujjatlar bor.

Ularda qayd etilishicha, oq tanli quldorlar qonunchilik markazi qurilishi uchun davlatga o’z xizmatkorlarini vaqtincha ijaraga bergan.

Qullar esa kechasi, dam olish kunlari va bayramlarda ishlasagina haq olgan.

Mana bu hujjatga qarang: quldorlar qullariga haq to’lanishini talab qilmoqda. Odatda bir yoki bir nechtasi ishga olingan. Har bir qul mehnati uchun oyiga besh dollar to’langan. O’sha davrda bu yaxshi haq sanalardi.

Afro-amerikaliklar odatda oq tanlilar bilan birga ishlab, yog’och arralash, tosh teshish kabi ishlarni qilgan.

"Taqdirni qarang-ki, Kapitoliy gumbazi ustiga o’rnatilgan, balandligi olti metrga teng Erkinlik Haykali, Reyd Filip ismli qul tomonidan qolipga solib bronzadan quyilgan. Kapitoliy binosi qurilishidagi tarixiy jarayon polyak sayyohi tomonidan hujjatlashtirilgan", - deydi tarixchi Felisia Bell.

U o’z kundaliklarida oq tanli ishchilar kun bo’yi ichib maishat qilgani, ishni asosan qora tanli qullar bajarganini aytadi. Biroq shuncha ish qilsa ham maosh ularga emas, ularni ijaraga bergan egalarga to’langanini alam bilan eslab o’tgan.

Kapitoliyni kim qurgani haqida hozir AQSh bo’ylab turli o’quv maskanlarida ko’rgazmalar o’tkazilmoqda. Xovard Universiteti talabasi Nion Krouford Kapitoliy binosi qanday bunyod etilganidan hayratda. Ayniqsa qora tanlilarning ishtirokidan.

Bunday ma’lumotlarni ommaga ko’rsatish - ularni tarixdan boxabar qilish degani. Bu boradagi ko’rgazmani ko’zdan kechirib ko’p dalil va hujjatlarni o’rgandim. Qora tanlilarning AQSh tarixidagi rolidan zavqlandim. O’tmishda ajdodlarimiz ishlari haqida ko’p bilmasdik.

Biroq, deydi Kapitoliy tarixchilari, hamma amerikaliklar ham ularning qonunchilik makoni qanday qurilgani bilan faxrlanmasligi mumkin.

Qullik va quldorlik tuzumining dardli xotirasi bu, deydi ular. Lekin qora tanlilar nafaqat Kapitoliy binosining barpo etilishida balki butun mamlakatning qad rostlashida katta rol o’ynaganini g’urur bilan tilga oladi.

XS
SM
MD
LG