Bush: Iroqda doimiy harbiy baza bo'lmaydi


Prezident Bushning aytishicha, AQSh Iroqda doimiy harbiy bazalarga ega bo’lishni istamaydi, biroq qo’shinlarni Iroqdan keragidan erta chiqarish xohishi ham yo’q. Kongressda hukmron demokratlar qo’shinlarni Iroqdan chiqarish uchun aniq muhlat belgilansin, deya prezidentga bosim o’tkazmoqda.

Bush fikricha, buning uchun avval muvaffaqiyatga erishish kerak.

"Muvaffaqiyat deganda xavfsizlik va barqarorlik nazarda tutiladi," deydi u.

Vakillar Palatasi spikeri, demokrat Nensi Pelosining aytishicha, Iroqda yangi siyosat bo’lishi uchun AQShda yangi prezident saylanishini kutish kerak.

"Urushga chek qo’yish kerak. Yangi prezident kelmaguncha, buning uddasidan chiqa olmaydigan ko’rinamiz," deydi Pelosi.

Demokratlardan prezidentlikka da’vogarlar fikricha, toki Qo’shma Shtatlar qo’shinlarini chiqarishga aniq muhlat belgilamas ekan, Iroq rahbariyati AQShga ishonib, barqarolikni ta’minlash uchun o’zi hech narsa qilmaydi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Bag’dodda. Uning fikricha, har oyda Iroqdan 3,500 ga yaqin askarni chiqarish maqsadga muvofiq bo’lardi.

"Biroq qo’shinlarni chiqarishdan oldin Iroqdagi vaziyatni yaxshilab tahlil qilish kerak," deydi Geyts.

Iyul oyigacha uch mingdan ziyod askar Iroqni tark etadi. Ammo undan so’ng askarlarni chiqarishni vaqtincha to’xtatib turish kerak, deydi AQSh mudofaa vaziri.

XS
SM
MD
LG