Pokiston muxolifati AQSh Musharrafni quvvatlamasin deydi


Pokiston sobiq bosh sudyasi Iftixor Muhammad Chaudri fikricha G’arb davlatlari prezident Parvez Musharrafga yordamini bas qilishi kerak.

Prezident Musharraf yaqinda Yevropaga qilgan safari chog’ida “Pokistonda demokratiya tiklanadi” deb va’da bergan edi.

“18 fevralga belgilangan parlament saylovlari qoldirilmaydi … erkin va adolatli o’tadi”, - deydi prezident Musharraf.

Siyosatshunoslar va amerikalik ba’zi qonunchilar bu va’daga shubha bilan qaramoqda.

Muxolifat namoyishlari hamda ommaviy axborot vositalari cheklangan bir sharoitida, saylov qanday qilib erkin o’tishi mumkin deb so’raydi ular.

AQSh Tashqi Aloqalar Kengashi nomli markaz xodimi Daniel Marki: “siyosiy partiyalar erkin raqobat qila olmaydi va eng muhimi – adliya tizimi ishdan chiqqan”, - deydi.

O’tgan yil noyabr oyida prezident Musharraf Oliy Sudga unga sodiq odamlarni tayinlagan edi. Siyosiy mojarolar va sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoning o’ldirilishi, Marki nazarida, saylov uchun xavfli muhit yaratgan.

“Afsuski Pokistonda siyosiy vaziyatni terrorchi va jangarilar zo’ravonlik orqali belgilamoqda. Yana bir katta hujum saylovni qoldirsa ajabmas”, - deydi olim.

Lekin AQSh rasmiylari, xususan Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucher deydi-ki, saylov natijalarini qalbakilashtirish oson bo’lmaydi.

“Hatto amaldagi cheklovlar sharoitida ham axborot vositalari juda faol. Saylovga yuzlab kuzatuvchilar taklif qilingan. Har qanday qonunbuzarlik darhol aniqlanadi”, - deydi Baucher.

Biroq, deydi osiyoshunos olim Volter Andersen, saylov natijasi yuzasidan kelishmovchilik chiqqan taqdirda ham uni Musharrafga sodiq sudyalar hal qiladi. Hatto saylov komissiyasi ham hukumat nazoratida.

Yaqinda Pokiston advokatlari saylov oldidan mustaqil sudyalar tayinlansin deb talab qo’ydi.

Lekin AQSh rasmiysi Richard Baucher fikricha Pokiston adliya tizimi – nozik siyosiy masala. “Rahbarlar maslahatlashib, uni saylovdan keyingina muhokama qilsa bo’ladi”, - deydi u.

Ammo kongressmen Piter Velch so’zlariga ko’ra, Pokiston xalqining prezident Musharrafga ishonchi yo’qolgan.

“Adolatli va erkin saylovni va’da qilayotgan rahbarning o’ziga xalq orasida ishonch past”, - deydi qonunchi.

Saylovni kuzatish uchun Pokistonga qo’yilgan chet ellik kuzatuvchilar jarayon ochiq o’tishini qanchalik ta’minlay olishi ham savol ostida. Ular saylovdan so’ng 3 uch kun ichida mamlakatni tark etishi kerak.

“AQSh har tomonlama qo’llab-quvvatlayotgan prezident Musharraf”, - deydi kongressmen Todd Platts, “loaqal bosh vazir adolatli saylanishini ta’minlashi zarur.”

XS
SM
MD
LG