Breaking News

Bush: Iqtisodiyotdagi qiyinchiliklar vaqtinchalik


Prezident Jorj Bush mamlakat iqtisodiy qiyinchilikni boshdan kechirayotganini tan olar ekan, AQSh iqtisodiyotining asoslari kuchli demoqda. Iqtisodiyotni jonlantirishga qaratilgan va Kongress tomonidan tasdiqlangan reja ertaga prezident tomonidan imzolanishi kutilmoqda.

Prezident Bush nazarida qiymati 152 milliard dollarga teng qonun kuchga kirsa, fuqarolar va bizneslarga soliq imtiyozlari beriladi.

Dushanba kuni Bush mamlakat iqtisodiyoti bo’yicha yillik hisobot va davlat byudjetini Kongressga taqdim etgan.

"Hisobotda iqtisodiyotimiz hali ham kuchli, ayni damdagi qiyinchiliklar esa vaqtinchalik ekani ta’kidlanadi," deydi Bush.

Iqtisodiy hisobotda AQSh prezidenti Kongressni soliqlarni ko’tarmaslikka va ko’chmas mulk bozoridagi ahvolni yaxshilashga chaqiradi.

Prezidetning iqtisodiy maslahatchilari tomonidan tayyorlangan hisobot bu yili 2.7 foiz atrofida, kelasi yili esa uch foizdan ko’proq iqtisodiy o’sish bashorat etiladi.

Biroq mustaqil iqtisodchilar tomonidan ishlangan raqamlar bundan past.

Prezidentning bosh iqtisodiy maslahatchisi Edvard Lazirning aytishicha, ayrimlar xavotir olganidek, iqtisodiyot tushkunlikka tushmaydi.

"Prezident tomonidan taklif etilgan va Kongress tasdig’idan o’tgan reja buning oldini oladi. AQSh eksportining oshirilishi ham iqtisodiyotga katta yordam beradi. Bunga asosan AQSh savdo hamkorlari iqtisodiyotining kuchayishi, savdo shartnomalaridagi o’zgarishlar va AQShda ishlab chiqarishning kuchayayotgani sabab bo’lmoqda," deydi Oq uy maslahatchisi Evdard Lazir.

XS
SM
MD
LG