Josuslik gumoni bilan to'rt kishi AQShda hibsga olingan


AQShda to’rt kishi Xitoy foydasiga josuslik qilganlik gumoni bilan hibsga olingan. Xabarlarga ko’ra, ular harbiy va fazo dasturlariga bog’liq sirlarni o’g’irlagan.

Adliya vazirligiga ko’ra, ularning uch nafari AQShning Tayvan bilan harbiy aloqalariga oid maxfiy ma’lumotlarni Xitoyga uzatishga uringan. Ulardan biri Greg Uilyam Bergersen, Pentagon xodimi. Ikkinchisi – Tay Shen Ko. Tayvandan kelib AQSh fuqaroligini olgan muhojir. Yana biri esa Xitoy fuqarosi Yu Sin Kan.

Ikkinchi josuslik ishiga AQSh fuqaroligini olgan xitoylik Donfan Chun aloqador. U Boing kompaniyasida muhandis bo’lib ishlagan. Vazirlikka ko’ra, u AQSh fazo dasturi, harbiy yuk samolyotlari va raketalariga oid maxfiy ma’lumotlarni o’g’irlagan. Adliya vazirligi uni Xitoy agenti deb atamoqda. Hibsga olinganlarning hech biriga hozircha rasman ayblov qo’yilmagan.

AQSh Adliya vazirining milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha o’rinbosari Kennet Vaynstaynning Vashingtondagi matbuot anjumanida aytishicha, AQSh jamiyati va iqtisodiyotining ochiqligi uning ham yuksalishiga, ham xorijiy josuslarning ma’lumot olishiga yetaklovchi omillardir.

Xitoy uzoq vaqtdan buyon Amerika sirlarini qo’lga kiritishga intilib keladi, deydi Vaynstayn.

"Yuzlab davlatlar josuslari sirlarimizni olishga harakat qiladi, biroq ayrim davlatlar bu borada alohida astoydillik ko’rsatmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi ana shunday davlatlardan biri," deydi AQSh rasmiysi.

Rasmiy Pekin bu ikki holga munosabat bildirmagan.

XS
SM
MD
LG