Breaking News

Barak Obama Xillari Klintonni ortda qoldirmoqda


AQShda prezident saylovlarining birinchi bosqichi davom etmoqda. Unda demokrat va respublikachilardan asosiy saylovlar uchun nomzodlar tanlanadi.

Kecha Merilend va Virjiniya shtatlari hamda poytaxt Vashingtonda praymeriz, ya’ni ichki partiyaviy saylovlar o’tkazildi. Ularning barchasida demokratlardan senator Barak Obama g’olib chiqdi. Respublikachilar orasida esa uchchala joyda ham g’alabani senator Jon Makkeyn qo’lga kiritdi.

O’tgan shanba va yakshanba kungi saylovlarda ham ularda ishtirok etgan besh shtatning barchasida g’olib kelgach, 46 yoshli qora tanli Obama ilk bor delegatlar soni bo’yicha raqibi Xillari Klintondan o’zib ketdi. Hozircha kichik farq bilan.

Demokratlar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod sifatida tanlanish uchun da’vogar jami 2,025 delegatni qo’lga kiritishi kerak. Har bir shtatdagi g’alaba da’vogarlarga muayyan delegatlar sonini beradi. Hisoblarga ko’ra, ayni damda Obama hisobida 1215, Klinton hisobida esa 1190 atrofida delegat bor. Bundan tashqari salkam 800 nafar super-delegatni ham hisobga olish kerak. Ularning kimga o’tishi shtat saylovlariga bog’liq emas. Partiya a’zolari bo’lgan super-delegatlar istalgan da’vogarga ovoz berishi mumkin.

4 mart kuni ikki yirik shtat – Texas va Ogayoda praymeriz bo’ladi. Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Xillari Klinton u yerda g’alaba qozonishi mumkin.

Respublikachilardan yakka peshqadam senator Jon Makkeyn Virjiniya shtatida so’zlar ekan, Obamaning so’nggi paytdagi chiqishlariga nisbatan munosabat bildirdi.

"Quruq gap bilan mamlakatni rivojlantirib bo’lmaydi. Ilg’or va sinovga chidamli g’oyalar kerak," deydi u.

Makkeyn hisobida 800 dan ziyod delegat bor. Yagona nomzod bo’lishi uchun 1,200 ga yaqin delegatga ega bo’lishi kerak.

Kelasi seshanba kuni Viskonsin va Gavayida ham saylovlar bo’ladi.

XS
SM
MD
LG