NATOning Afg'onistondagi faoliyati AQSh matbuoti nigohida


Myunxenda xavfsizlik bo’yicha o’tgan yillik anjumanda NATOning roli va ayni damdagi dasturlari muhokama qilindi. Ayniqsa NATOning Afg’onistondagi faoliyati. AQSh matbuotida yozilishicha, alyansdan Afg’onistonda strategiyani yangilash so’ralmoqda.

“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, so’nggi 20 yil ichida o’z roli va o’rnini topishga harakat qilayotgan NATO bugungi kunda katta ahamiyat kasb etmoqda. Qator davlatlar, jumladan Ukraina unga a’zo bo’lish maqsadida islohotlarni jadallashtirmoqda. Rossiya “Sovuq Urush qaytyapti” degan fikrga berilar ekan, Yevropadagi demokratik davlatlarning harbiy ittifoqini ushlab turish maqsadga muvofiq bo’lar edi, deb yozadi “Vashington Post”.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning anjumanda aytishicha, NATO a’zolarining hammasi ham tashkilot maqsadlari yo’lida kurashish va fidoiylik qilishga tayyor emas. Tinch hayotga ko’nikkan Yevropaning jangovar operatsiyalarda ishtirok etishga toqati yo’q. Yevropa jamoatchiligining Afg’onistondagi missiyaga xayrihohligi zaif. Germaniyaliklarning yarmidan ko’pi qo’shinlarni Afg’onistondan chiqarish kerak degan fikrda.

Afg’onistonda Tolibon kuchaymoqda. NATO a’zolari qo’shimcha askar jo’natishdan bosh tortmoqda. Mamlakatdagi qayta qurish ishlari va harbiy harakatlar bir-biridan mustaqil ravishda olib borilmoqda. Jangarilarning ba’zilari qo’shni Pokistonda in qurgan. Afg’oniston va Pokistonda muvaffaqiyatga erishish uchun missiyaga jiddiy yondashish zarur. Afg’oniston armiyasini ko’paytirish va kuchaytirish kerak, deb xulosa qiladi “Vashington Post”.

“Nyu-York Tayms” gazetasi ham NATO va Afg’oniston masalasini yoritar ekan, Avstraliya hukumatining bunga munosabatini bildiradi. “NATO Afg’onistondagi strategiyasini yangilashi, unga a’zo davlatlar esa tashkilot oldidagi majburiyatlarini bajarib, Afg’onistondagi qo’shinlari sonini oshirishi shart. Aks holda Avstraliya ortiq qo’shin ajratmaydi, deydi mamlakat yangi Mudofaa vaziri Joel Fitsgibbon.

Avstraliya NATOga a’zo emas. Shunga qaramay uning Afg’onistonda 970 nafar askari bor. Jami esa Afg’onistonda NATOning 43000 ming sonli qo’shini xizmat qilmoqda. Alyans ularning sonini 50 mingga yetkazmoqchi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts ayrim a’zo mamlakatlarni tanqid qilar ekan, tashkilot ikkiga, ya’ni jang qilishga tayyor va jang qilishdan qochayotgan davlatlarga bo’linib qolayotganini afsus bilan ta’kidladi. Biroq NATO Bosh kotibi Yapp de Xup Sxeffer buni inkor etdi.

“Nyu-York Tayms”ga ko’ra, Belgiya Afg’onistonga to’rtta F-16 qiruvchi samolyot yuborishini, Germaniya esa mamlakat shimoliga qo’shimcha 200 askar safarbar etishini bildirgan.

XS
SM
MD
LG