Afg'onistonda Tolibon NATO sustligidan foydalanmoqda


Yaqinda Litva poytaxti Vilnyusda Shimoliy Atlantika harbiy bloki, ya’ni NATOga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari uchrashib, Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilgan. Ayrim davlatlar nazarida NATO Afg’onistondagi vazifasini uddalay olmayapti, mamlakat esa terrorchilar makoniga aylanmoqda.

Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha so’nggi paytda tayyorlangan uchchala hisobotda ham mamlakat og’ir ahvolda ekani bayon etilgan. Ularda aytilishicha, jangarilar faollashgani sari xalqaro hamjamiyatning olti yillik mehnati zoye ketib, shashti susayishi, afg’on xalqining esa ishonchi so’nishi mumkin.

NATO Afg’onistonda oz sonli qo’shinlar bilan harakat qilmoqda, bu esa Tolibon va al-Qoidaning mag’lub bo’lgan hududlarga qaytib kelishini osonlashtirmoqda, deyiladi ushbu hisobotlarda.

Ba’zi harbiy tahlilchilar nazarida 2006 yilda Tolibon o’z nazorati ostidagi hududlarni to’rt baravar, o’tgan yili esa yana 50-70 foizga kengaytirishga erishdi.

Amerikalik tahlilchi Set Jounsning aytishicha, jangarilar janubda o’z tarmoqlarini tiklashga muvaffaq bo’ldi.

"Tolibon biron-bir hududni egallasa, uni NATO kabi katta kuch bilan ushlab turishi shart emas. Ular mahalliy qabila sardori bilan kelishib oladi. NATO va hukumat kuchlari haqida axborot almashishga yoki hududga qarshiliksiz qaytib kirishga," deydi tahlilchi Jouns.

Afg’onistonda qabilalar xarakteri va ular orasidagi farqni tushunish uchun AQSh qo’mondonligi hududga antropologlarni taklif etgan.

Afg’onistonda bir-biridan farq qiladigan turli etnik guruhlar mavjud. Ularning har biri esa yana qo’shimcha guruhlarga bo’linadi. Masalan, pushtunlar 600 qabila va 400 qo’shimcha guruhlarga bo’lingan.

"Afg’onlar NATOga xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlovchi kuch sifatida qaraydi," deydi Set Jouns. "Kimki ularni suv, elektr quvvati va yo’l bilan ta’minlasa, afg’onlar o’shalarni qo’llab-quvvatlaydi."

Biroq NATO davlatlari yetarlicha qo’shin ajratmayotgani uchun tanqidga uchramoqda. Janglarda asosan AQSh, Kanada, Britaniya va Gollandiya qo’shinlari ishtirok etadi.

39 davlat vakillarining Afg’onistonda xizmat qilayotgan 57 ming qo’shinidan 29 minggi amerikaliklar. Ularga tez orada yana uch ming AQSh dengiz piyoda askari qo’shiladi.

AQSh Tashqi aloqalar kengashi harbiy tahlilchisi polkovnik Jeffri Kendallning aytishicha, yevropalik siyosatchilar qo’shinlarini Afg’onistonning xavfli hisoblangan janubiga yuborishdan avval o’z jamoatchiligini ishontirishi kerak, biroq buning uddasidan chiqish oson emas.

NATOning Germaniya, Italiya va Fransiya kabi a’zolari Afg’onistonda nafaqat harbiy, balki iqtisodiy va siyosiy masalalarni ham o’z ichiga olgan strategiyani tatbiq etish kerak, deb hisoblaydi.

Germaniya Tashqi aloqalar kengashi xodimi Jon Xulsmanning aytishicha, eng asosiy muammo – bu Afg’onistondagi dasturlarning markazlashtirilmagani.

"Amerikaliklar masalaning harbiy tomoni haqida ko’p gapiradiyu, iqtisodiy va ijtimoiy tomonlariga e’tibor qaratmaydi. Yevropaliklar esa harbiy operatsiyalar haqida so’z ochmaslikka harakat qiladi," deydi Xulsman.

Yana bir tahlilchi Jeyms Taunsend nazarida ayrim a’zolarning blok vazifalarini bajarishga ishtiyoqsizligi NATO rahbariyatini xavotirga solmoqda.

"NATO o’z vazifalarini bajarish uchun yetarlicha siyosiy irodaga ega emas ekan, unga bo’lgan ishonch pasayib, “NATO buni uddalay olmasa, nimani uddalay olishi mumkin” degan savol tug’iladi."

Biroq, deydi tahlilchi, “NATO inqirozga yuz tutyapti” deyishga hali erta. Blok qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda xolos.

XS
SM
MD
LG