AQShda muhojirlar iqtisodiy qiyinchiliklardan nolimoqda


AQSh iqtisodiyotida kuzatilayotgan tanglik mamlakat bo’ylab bizneslar beliga tepmoqda. Muhojirlar yurituvchi bizneslar ham bundan mustasno emas. Buning ustiga huquq-tartibot idoralari hujjatsiz muhojirlar iziga tushgan.

Kinofilm va qo’shiqlar bilan savdo qiluvchi Video Mexico do’koni 19 yil oldin ochilgan. Bugun bozor kasodga uchragan deydi uning egasi.

"Xaridor yo’q. Odamlar pulini tejash bilan ovora",- deydi u.

Immigrantlarga qarashli boshqa bizneslar ham shu ahvolda. Tadbirkor Karlos Kastroning mijozlari asosan lotin amerikaliklar.

"Hatto oziq-ovqat savdosi ham ancha tushib ketdi. O’tgan yilga qaraganda 15 foizga kamroq mahsulot sotyapmiz. Hamma do’konlarimizda ham ish chatoq".

Yong-ja Park Virjiniya shtatida AQSh-Koreya Hanmi Bankini yuritadi. Bankdan qarz olishga kelayotgan osiyolik mijozlar kamayib qoldi deydi u.

"O’tgan ikki oy mobaynida kredit so’rab, surishtirib kelayotganlar juda kamaydi. Biznes sekinlashib qoldi".

Merilend shtatining Prins Viliam tumani so’nggi yillarda ancha gavjumlashgan. Asosan immigrantlar hisobiga. Lekin ko’chmas mulk va kredit bozoridagi inqiroz barchaga ta’sirini o’tkazmoqda.

Tuman tijorat palatasi xodimi Lori Viderning aytishicha salbiy o’zgarishlar yaqqol ko’zga tashlanmoqda.

"Tijorat palatamizga a’zo tadbirkorlar biznesini birin-ketin yopmoqda. A’zolik haqini to’lamay qo’ygan. Xususan 2008 yilda moliyaviy qiyinchilik ko’pchilikni ishidan ayirdi".

Tadbirkorlar soni 2007 yilda ko’paygan edi. Biroq bugun ko’pchilik bizneslarini yopa boshlagan. Vietnamlik Juli Do shulardan biri. Pardoz-andoz va atir-upa kabi mahsulotlar sotardi.

"Mijozlar muntazam kelib turishardi. Hozirda ko’pchilik har 2-3 haftada emas, bir oyda bir marta keladigan bo’ldi. Hamma pulni tejashga tushgan,"- deydi Juli Do.

Biznes susayishi qisman AQSh mol-mulk bozoridagi muammolar bilan bog’liq. Lekin shu bilan birga noqonuniy muhojirlarni nishonga olish haqidagi hukumat qarori ham sababchi. Endilikda politsiya istagan kishining immigratsion hujjatlarini so’rashi mumkin.

Bu degani – iqtisodiy tanazzul tufayli shundoq ham ishga joylasha olmayotgan muhojirlarga yanada qiyin.

Ko’pchilik yangi imkoniyatlar qidira boshlagan.

"Imkoniyat topilguncha amallashga harakat qilamiz. Lekin o’zimizni, oilamizni boqa olmasak, vatanga qaytishga to’g’ri keladi. Boshqa iloj yo’q",- deydi muhojirlardan biri.

Gap shundaki, qator bizneslar noqonuniy muhojirlar mehnatiga yoki ular sarflaydigan pulga tayanadi. El Portal restorani egasi Manuel Arbaiza uni ochishga 400 ming dollar sarflagan. Immigratsiyaga doir yangi qonun uni daromaddan ayirmoqda.

"Avvallari dam olish kunlarida 2-3 ming dollar pul tushsa, xursand bo’lardik. Hozirda shunday kunlar bo’ladi-ki, atigi 80 dollar ishlaymiz. Restoranni ochishga katta pul sarflaganmiz, boshimiz qotib qoldi",- deydi Arbayza.

Bu kabi restoranlarning yopilishi xizmatchilarni ham ishdan bo’shatish degani. AQShda bugun 12 millionga yaqin muhojir hujjatsiz kun kechiradi. Bugungi vaziyat ular hayotini yanada og’irlashtirgan.

XS
SM
MD
LG