O'zbekiston Ombudsmani amalda nimaga qodir?


Yaqinda O’zbekiston Ombudsmani Sayyora (Oliy Majlisning inson huquqlari bo'yicha vakili) Rashidova 2007 yil yakunlari yuzasidan hisobot berdi.

Qonunchilik palatasi deputatlari Ombudsman faoliyatini samarali deb baholagan bo’lsa, mustaqil huquq himoyachilari buning aksini aytmoqda.

Tanqidlar fikriga ko’ra, Ombudsman faoliyati jamoatchilikdan ajralib qolgan, uning ishlashi uchun vakolat ham, imkoniyat ham yo’q.

Ayrim huquq himoyachilari O’zbekiston Ombudsmani Sayyora Rashidova faoliyatini tanqid ostiga olishar ekan, uni Qirg’iziston ombudsmani Tursunboy Bakir uli bilan qiyoslashadi. Yaqinda Ombudsmanlik vakolatini topshirgan Bakir uli inson huquqlari, ayniqsa diniy e’tiqod erkinligi yuzasidan O`zbekiston hukumatini tanqid ostiga olgani bilan ham ma’lum.

O’zbekiston Ombudsmanidan farqli o’laroq, qirg’iz Ombudsmani jamoatchilik uchun ochiqligi, mustaqil faoliyati va bayonotlari bilan ham tanilgan.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov fikricha O’zbekiston Ombudsmanining vakolati cheklangan.

“O’zbekiston Ombudsmani haqidagi qonunning 10-moddasida prokuratura va sud vakolatiga kiruvchi ishlarni ko’rmaydi deyilgan. Demak sud va prokuratura vakolatiga kiradigan ishlarni ko’rmasa, unda hech qanday huquqiy asosning o’zi yo’q. Amalda ham Ombudsman soxta hisobotlar tayyorlaydi, inson huquqlari bo’yicha hukumat siyosatini qonunlashtirib beradigan bir idora bo’lib qolgan”, - deydi Tashanov.

Farg’onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashevning ta’kidlashicha Ombudsman idorasi qonunda ifoda etilgan huquqlaridan ham foydalana olgani yo’q.

“Bizdagi Ombudsman ham boshqa demokratik davlatlarda qanday vakolatlar berilgan bo’lsa, shunday vakolatga ega. Lekin qonunlarimiz chiroyli bo’lsa ham, qonun ustuvor bo’lmagan mamlakatda mavjud vakolatlardan ham foydalanish juda qiyin. Hukumatga bog’liq tomonlari juda ko’p. Bitta shaxsni aybi emas, tuzumning natijasi deb hidoblayman”, - deydi Ergashev.

Parlamentning rasmiy saytida yozilishicha 2007 yilda Omudsman fuqarolarning 8611 murojaatini ko’rib chiqqan, ularga huquqiy maslahatlar ko’rsatgan.

Deputatlar O’zbekistonda amalga oshayotgan demokratik islohotlardan xalqaro hamjamiyatni xabardor qilishda, inson huquqlari bo’yicha hamkorlik qilishda Ombudsman idorasi faoliyatini ijobiy baholashgan.

Ammo huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov fikricha Ombudsman faoliyatidan O’zbekiston fuqarolari ham, xalqaro jamoatchilik ham qoniqish bildirayotgani yo’q.

“Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakili BMT, YXHT [Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti] doirasida nufuzli anjumanlarda qatnashadi, hisobotlar qiladi. Biroq hozirgacha birorta xalqaro tashkilot O’zbekiston hukumatini yoki Ombudsmanni inson huquqlariga oid vaziyatni tahlil qilishidan qoniqish hosil qilganini eshitganim yo’q”, - deydi Tashanov.

Abdusalom Ergashev Ombudsman mutlaqo ishlamayapti degan qarashdan yiroq.

“U yerga ko’plab odamlar murojaat qilishayapti, lekin rejim taqiq qo’ygan hududlarga Ombudsman kira olmaydi. Masalan 159-modda bo’yicha, o’zgacha qarashdaligi uchun qamalgan kishilar o’rtasiga tushib, biror yordam ko’rsatganini eslay olmayman”, - deydi huquq himoyachisi.

Nohukumat tashkilotlarga ko’ra Ombudsman idorasi mustaqil huquq himoyachilari bilan nafaqat hamkorlik qilishni, balki vakolati darajasida yordam ko’rsatisni ham istamagan.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakili, deydi faollar, qamoqqa olingan va keyingi paytda ozodlikka chiqayotgan huquq himoyachilari taqdiri borasida biror marta o’z munosabatini bildirgani yo’q.

XS
SM
MD
LG