Breaking News

Bush Tanzaniyada bezgakka qarshi kurash dasturini e'lon qildi


Prezident Bush Afrika bo’ylab safarini davom ettirar ekan, Tanzaniyada ham bo’lib bezgakka qarshi kurash bo’yicha yangi dastur e’lon qildi. Unga muvofiq, mamlakatdagi besh va undan kichik yoshdagi har bir bolaga chivindan saqlaydigan to’r beriladi.

Krovat atrofiga osiladigan to’r chivin chaqishi va bezgak tarqalishidan eng oddiy himoya vositasi sanaladi. Yangi dastur Jahon banki yordamida ishlangan bo’lib, kelasi olti oy davomida besh milliondan ziyod ana shunday to’rlar bolalar uchun ajratiladi.

Mahsulot Tanzaniyaning o’zida tayyorlanadi. AQSh prezidenti fikricha, bu bilan mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi ham.

Qo’shma Shtatlar Afrikadagi 15 davlatda bezgakka qarshi kurashish uchun besh yilga mo’ljallangan va qiymati 1.2 milliard dollar bo’lgan dastur yuritmoqda.

Dastur doirasida sog’liqni saqlash xodimlari tayyorgarlikdan o’tkaziladi, chivinlarga qarshi vositalar sotib olinadi, homilador ayollar, besh yoshgacha bo’lgan bolalar hamda VICH/SPID bilan kasallangan odamlar bezgakdan da’volanadi.

Tanzaniya prezidenti Jakaya Kikvetening misol tariqasida keltirishicha, 2004 yili Zanzibar orolida aholining 35 foizida bezgak bor edi. AQSh dasturi yordamida bu ko’rsatkich o’tgan yili bir foizga tushirilgan.

AQSh dasturida chivin tuxumlarini suv ichidayoq yo’qotish uchun ham mablag’ ko’zda tutilgan. Buning natijasida 2002 yildan buyon bezgak yuqish ehtimoli Tanzaniya poytaxtida ikki baravarga qisqargan.

Jorj Bush Afrikaga safari davomida Ruanda, Gana va Liberiyada ham bo’ladi.

XS
SM
MD
LG