Pokistonda parlament saylovlari o'tdi


Bugun Pokistonda parlament saylovlari o’tdi. 81 million saylovchidan ko’pi zo’ravonliklar ehtimoli tufayli saylovlarga chiqmagan. Pokiston prezidenti Parvez Musharraf Ravalpindida ovoz bergan.

Mutaxassislar fikricha, agar muxolif guruhlar parlamentdagi uchdan ikki o’rinni qo’lga kiritsa, unga impichment e’lon qilinishi mumkin.

Musharrafni qo’llab-quvvatlayotgan Musulmon Ligasi partiyasiga qarshi marhum sobiq bosh vazira Benazir Bxutonning Xalq partiyasi va yana bir sobiq bosh vazir Navoz Sharifning Musulmon partiyasi saylovlarda asosiy raqib sifatida ishtirok etgan.

Saylovchilar yangi parlament bilan birga to’rt viloyatdagi mahalliy kengashlarga ham ovoz bergan.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun mamlakat bo’ylab 80 mingdan ziyod askar va 400 mingga yaqin politsiya kuchlari jalb etilgan. Shunga qaramay mamlakatning ba’zi joylarida yuz bergan zo’ravonliklar oqibatida bir necha kishining o’lgani haqida xabar qilinmoqda. Kecha tunda Lohurda Navoz Sharif partiyasidan bir nomzod otib ketilgan.

Saylovlarni kuzatish uchun Pokistonga bir necha amerikalik qonunchilar borgan. Ular orasida kongressmen ayol Shila Jekson Li ham bor. Uning aytishicha, saylovlarning ochiq va adolatli o’tishi o’ta muhim.

Muxolifat prezident Musharrafga xayrihoh kuchlarni saylovlarni soxtalashtirishga harakat qilayotganlikda ayblagan.

Musharrafning mamlakat bo’ylab obro’si tushib borar ekan, saylovlar prezident uchun o’ziga yarasha sinov tariqasida ko’rilmoqda.

Saylovlarning yakuniy natijalari bir necha kundan so'ng ma'lum bo'ladi.

XS
SM
MD
LG