Breaking News

Tojikiston xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj


Birlashgan Millatlar Tashkiloti qattiq sovuq va energiya taqchilligidan qiynalayotgan Tojikistonga yordam berish uchun xalqaro hamjamiyatdan 25 million dollar so’ramoqda.

Tashkilotga ko’ra respublikada ikki millionga yaqin kishining hayoti xavf ostida.

Tojikiston so’nggi 25 yil ichida eng qahraton qish bilan yuzlashmoqda. Mamlakat aholisining 50 foizi qashshoqlikda kun kechiradi.

BMT hisobicha ikki millionga yaqin kishi sovuqdan, yonilg’i va oziq-ovqat taqchilligi, toza ichimlik suvi yetishmasligi hamda turli kasalliklardan qiynalmoqda.

Buning ustiga, mamlakatdagi gidro elektrostansiyalar ishi deyarli to’xtab qolgan. Yetarli hajmda tok ishlab chiqarmayapti. Natijada uylarni isitish, suv va boshqa xizmatlar to’xtab qolgan.

“Ayrim shaharlda kuniga faqat 10 soatgina elektr toki beriladi, xolos”, - deydi BMTning Insonparvarlik agentligi vakili Gabriyella Vaajman. “Xususan kasalxonalarda elektr quvvatining tez-tez o’chishi tibbiy yordam tizimiga zarar yetkazmoqda. Tok yo’qligi tufayli suv nasoslari ishlamaydi, shaharlarda odamlar toza ichimlik suvidan mahrum”, - deydi BMT xodimi.

Vaajman xonimga ko’ra, energiya inqirozi tufayli maktablar, yetimxonalar va maishiy xizmat maskanlari generatorlardan foydalanishga o’tgan.

Insonparvarlik tashkilotlari nazarida kamida 250 ming kishi favqulodda yordamga muhtoj. Va bu son o’sib boryapti. Tojikiston hukumati ham qishni o’tkazib olish uchun ikki millionga yaqin aholiga oziq-ovqat kerak deb bong urmoqda.

“Bahor kelsa vaziyat o’nglanadi, biroq asoratlari ham yo’q emas”, - deydi BMT vakili Gabriyella Vaajman. “Qor ko’p yoqqani Tojikiston uchun ser-suv mavsum degani. Elektr stansiyalar ishga tushib, mamlakat quvvat bilan ta’minlana boshlaydi. Biroq yer ko’chishi, suv toshqinlari, sel kelishiga ham tayyorlanish zarur.”

BMT yordam puli asosan aholining birlamchi ehtiyoji: elektr quvvati ishlab chiqarish, oziq ovqat va tibbiy ko’mak uchun yo’naltiriladi. Agentlik shuningdek, ehtimoliy suv toshqinlaridan ogoh etish, boshpanalar tashkil etish ustida ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG