Breaking News

Bush Pokistondagi saylovlarni olqishlamoqda


Prezident Bushning aytishicha, Pokistonda dushanba kungi umumiy saylovlar adolatli bo’lgan. Bush Pokistonning yangi hukumati terrorizmga qarshi kurashda Qo’shma Shtatlar bilan hamkorlik qilishda davom etadi, deya umid bildirmoqda.

Prezident Bush fikricha saylovlarning qonun doirasida o’tgani Pokiston xalqining g’alabasidir. U Pokiston prezidenti Parvez Musharrafni o’z so’zi ustidan chiqib, qonun ustuvorligini ta’minlay olganlikda maqtadi.

Afrika bo’ylab safarga chiqqan AQSh rahbari ikki davlat o’zaro manfaatli masalalar bo’yicha yaqindan hamkorlik qilishi kerak dedi.

"AQSh va Pokistonga hujum qilmoqchi bo’lganlarga qarshi birgalikda kurash ana shular jumlasidan," dedi Bush.

Saylovlar yakuniga ko’ra, Pokiston muxolifati parlamentda prezident Musharrafga xayrixoh partiyalardan ko’p o’rin olishga muvaffaq bo’lgan.

Sobiq bosh vazir Navoz Sharif Musharrafga o’tgan yilgi va’dasini eslatib, iste’foga chaqiryapti. O’shanda Musharraf agar xalq orasida reytingi tushib ketsa, ishdan ketishini bildirgan edi. Biroq Musharraf muxolifat katta g’alabaga erishganiga qaramay lavozimida qolishini ma’lum qilmoqda.

Pokistondagi saylovlarni kuzatgan AQSh senatorlari Jon Kerri va Jozef Bayden jarayonga ijobiy baho bergan. Shu bois Bayden AQShning Pokistonga berilayotgan noharbiy yordamini uch baravarga ko’paytirib bir yarim milliard dollarga chiqarmoqchi.

XS
SM
MD
LG