Buyuk rus shovinizmi kuchga to'lib bormoqda


Rossiya musulmonlarining taniqli peshvolaridan biri Geydar Jamol yaqinda Ozarbayjon matbuotiga bergan intervyusida, siyosiy kuchlar ko’ra-bila turib, irqchilikka yo’l qo’ymoqda degan.

Geydar Jamol fikricha, Rossiya arzon ishchi kuchidan manfaatdor, irqchilik sabablarini mehnat bozoridagi raqobatdan emas, balki siyosiy doiralardan izlash kerak.

2007 yilda Moskva shahrining o`zida 26 nafar o`zbekistonlik shovinistlar tomonidan o`ldirilgan. Rossiyada bu raqam qanchaligi ma`lum emas.

O`zbekistonda xorijdagi mehnat muhojirlari taqdiri va huquqlarini himoya qiluvchi davlat idorasi ham, nodavlat tashkiloti ham yo`q.

Rossiya-O’zbekiston aloqalari ittifoqchilik ruhida kechmoqda. Biroq o`zbek muhojirlari taqdiri borasida biror qaror yoki hujjat qabul qilingani yo’q.

Tahlilchilar nazarida Rossiyada avtoritar tuzum va millatchilik birga ildiz otmoqda.

“Rossiya hukumati ularga qarshi kurashish o`rniga ma`lum ma`noda befarq qarab turibdi. Tegishli jazo bo`lmagandan keyin muhojirlarga nisbatan hujumlar ko`paymoqda. Avtoritar tuzum o`zi rus millatini ulug`lash, Rossiyani oldingi imperiya darajasiga ko`tarish uchun xizmat qilmoqda. Bunga esa millatchilik orqali erishilmoqchi, Rossiyadagi avtoritar tuzum va boshqa millatlarga munosabat bir-biri bilan chambarchas bog`liq”, - deydi sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Rossiyadagi o`zbeklar taxminan 2-3 million kishini tashkil etadi. Aksariyati hujjatsiz.

“Har bir oiladan besh kishigacha chetga ish izlab chiqib ketgan, asosan Rossiyaga, keyin Qozog`istonga. Bu hali o`rganilmagan mavzu, lekin yaqin kelajakda muhojirlaning muvaffaqiyatlilari siyosatga aralasha boshlashi mumkin”, - deydi huquq himoyachisi Suhrob Ismoilov.

O`zbekistonda iqtisodiy ahvol va ishsizlik natijasida xorijga ish izlab ketish holatlari ko’paygan. Mehnat muhojirlari O`zbekistondagi oilalarini boquvchi asosiy manbaga aylangan.

XS
SM
MD
LG