Yevropa Markaziy Osiyo bilan aloqalarini ko'rib chiqmoqda


Joriy haftada Yevropa Parlamenti Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekistonga berilgan yordam haqida hisobot e’lon qilgan.

Unda Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi hamkorligini mustahkamlash, mintaqada barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash haqida so’z boradi.

Yevropa Parlamenti nazarida mintaqa bilan hamkorlik sust amalga oshmoqda.

Markaziy Osiyoda, ayniqsa Turkmaniston va O’zbekistonda inson huquqlari, boshqaruv va demokratiya borasida ko’proq ish qilinishi zarur deydi Yevropa Parlamenti a’zolari.

Andijon voqealaridan so’ng O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalar 2007 yil 15 oktyzbrida yana bir yilga uzaytirilgan edi.

Bundan tashqari, ayrim rasmiylarga joriy etilgan viza cheklovlari kuchda qoldirilgan. Yevropa Parlamenti mazkur choralarini ma’qullamoqda.

Parlament fikricha, Yevropa Ittifoqi berayotgan imkoniyatdan foydalanib, O’zbekiston mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni yaxshilashga harakat qilishi zarur.

Bundan tashqari, Yevropa Parlamenti O’zbekistonda Adliya tizimini isloh qilish, xususan, o’lim jazosiga moratoriy e’lon qilish, hibsga olish vakolatini sudlarga topshirish tashabbusini olqishlamoqda.

Yevropa Parlamenti 2007 yil 23 dekabr kuni O’zbekistonda o’tgan prezident saylovlari xalqaro talablarga javob bermaganidan afsus bildirgan.

2 yanvar kuni e’lon qilingan amnistiyaga muvofiq, 500 mahbusning ozod qilinishi va 900 mahbusga berilgan jazo muddatining kamaytirilishi e’tiborli hol, biroq amnistiya faqat ayrim siyosiy mahbuslarga taalluqli ekani sabiy hol, deyiladi Yevropa Parlamenti hisobotida.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Qozog’iston va Turkmanistondan gaz va neft importi hajmini oshirishni ko’zlamoqda.

Yevropa Parlamenti nazarida Qizg’isiton, Tojikiston va, imkon bo’lsa, O’zbekiston bilan energetik hamkorlikni kuchaytirish lozim.

XS
SM
MD
LG