Breaking News

O'zbekistonda Yevropa hisobotiga nisbatan turlicha qarashlar


Yevropa Parlamentining 21 fevral kuni qabul qilgan rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik tahlil qilingan.

Mintaqadagi ayrim davlatlar, xususan O’zbekistondagi demokratik jarayonlar va inson huquqlari ahvoli qoniqarsiz deb baholangan.

So’nggi paytda rasmiy Toshkent siyosatida o’zgarish kuzatilmoqda – G’arb bilan aloqani yaxshilash tomon. Ammo tahlilchilar nazarida O’zbekiston siyosatida haqiqiy ijobiy o’zgarish bo’lishiga ishonish qiyin.

Rasmiy Toshkent siyosatidagi iliqlik keyingi paytda asosan huquq himoyachilarining ozodlikka chiqarilishi bilan namoyon bo’lmoqda. Yevropa Parlamentining hisobotida amnistiya tufayli mahbuslar ozodlikka chiqayotgani olqishlangan, biroq avf faqatgina ayrim siyosiy mahbuslarga nisbatan qo’llanayotgani yuzasidan taassuf bildiriladi.

Yevropa rasmiylari nazarida O’zbekistonda prezident saylovlari xalqaro me’yorlarga muvofiq o’tmagan.

Hozirgacha bir nech huquq himoyachilari qamoqdan ozod etildi. Shu hafta muxolifatdagi “Erk” partiyasi a’zosi Bobomurod Mavlonov ozodlikka chiqdi.

Yevropa Ittifoqi Andijon fojiasidan so’ng O’zbekiston bilan aloqalarni to’xtatib, sanksiyalar joriy etgan edi. Keyinchalik ular yumshatildi. Hozirga kelib sanksiyalar Andijon uchun javobgarlik emas, balki rasmiy Toshkent siyosatida demokratik o’zgarishlar bo’lishiga bog’liq bo’lib qolmoqda.

Huquq himoyachilari so’nggi voqealarni rasmiy Toshkent shunchaki muloqot borayotagnini ko’rsatish uchun amalga oshirayotgan o’yin sifatida baholashadi.

“15 kun ichida to’rtta siyosiy mahbusga amnistiya qo’llash hali ijobiy o’zgarish emas. Biz keyingi qadamlarni kutgan edik, lekin hech qanaqa ehtiyojli o’zgarishlar eshitmayapmiz. Shuning uchun men siyosatdagi bu iliqlikni tushuna olmayapman. Bular muntazam bo’lganda o’zgarish haqida gapirish mumkin bo’lardi”, - deydi huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o’rinbosari Po’lat Oxun o’zgarishlarni O’zbekistondagi siyosiy vaziyat bilan bog’laydi.

“Rossiyani siyosati orqasida yoki ko’rsatmasiga ko’ra ishlashni O’zbekiston rahbariyati xohlamaydi. Shuning uchun hozir G’arb bilan aloqalarni tiklashga harakat qilinayapti. Yevropa Ittifoqining bu masalaga yondashishida asosan iqtisodiy sabablar bor deb o’ylayman, chunki men Bryusselda parlament deputatlari bilan uchrashganimda O’zbekiston bilan aloqalarda inson huquqlari masalasiga ko’z yumilishi mumkinmi deb so’ragandim. O’shanda mumkin, chunki bu yerda iqtisodiy asoslar bor deb javob berishgandi”, - deydi Po’lat Oxun.

Yevropa Ittifoqi, O’zbekistonga qo’ygan sanksiyalardan qat’iy nazar, Markaziy Osiyoga nisbatan umumiy strategik hamkorlik rejasini qabul qilgan. Bu strategiya Yevropa uchun Markaziy Osiyo energetik zahiralari o’ta muhimligiga asoslanadi.

“Yevropa Ittifoqi sanksiyalardan voz kechishi ham mumkin. Lekin bu noto’g’ri qadam bo’ladi. Chunki O’zbekistonga ta’sir qurolini yo’qotib qo’yadi. Sanksiyalar ramziy bo’lsa ham ularni O’zbekistondagi siyosiy rejimni yumshatishda ishlatish mumkin. Qozog’iston prezidenti Londonda qirolicha tomonidan qabul qilindi, vazirlari Yevropada tantanali kutib olinayapti. O’zbekiston esa bu qabullardan mahrum qilingan”, - deydi Po’lat Oxun.

Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasidagi muzokaralar siyosiy mahbuslarni ozod etish, qiynoqlarni to’xtatish, O’zbekiston qamoqxonalariga xalqaro ekspertlarning kirishiga ruxsat berish kabi bir qator shartli tavsiyalarni nazarda tutadi.

Aprel oyiga borib O’zbekistonga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar yana muhokamaga qo’yiladi.

XS
SM
MD
LG