Breaking News

Lakota qabilasi AQSh hukumatidan mustaqillik e'lon qilmoqchi


Amerika tub aholisi federal hukumat bilan o’ziga xos munosabatga ega. XIX asrda hindu qabilalar rasmiy Vashington bilan sulh tuzgan.

Unga ko’ra, hindular yashaydigan yerlar ularning hududi, biroq umuman olganda Amerika mulki.

Mahalliy ma’muriyatlarga ega hindular ham o’zlarini amerikaliklar deb tan oladi. Lekin XX asr oxiriga kelib hindu aholining ijtimoiy ahvoli juda og’irlashdi.

Bugun ular orasida kambag’allikda hayot kechirayotgan, ishsiz, nosog’lom, kashanda va ichkilikka berilgan insonlarni uchratasiz. Ko’pchilik imkoniyatlar cheklanganidan noliydi va AQSh hukumatidan ko’proq yordam talab qiladi.

Ayrim jamoatchi faollar nazarida esa hindular mehnatdan qochib, ijtimoiy ko’mak evaziga yashashni ma’qul ko’rmoqda. Hukumatdan norozi Lakota qabilasi Vashingtondan mustaqillik e’lon qilish niyatida.

Yaqinda Janubiy Dakotaning Rozbud Siu hindu hududida 100 ga yaqin odam yig’ildi. Lakota Ozodlik Delegatsiyasini quvvatlash uchun. Hindu faollaridan biri Rassel Mins AQSh hukumatidan qabilaga tegishli yerlarni qaytarib berishni talab qilmoqda.

“Biz oq tanlilar bilan ham, boshqa qabilalar bilan ham inoq yashab kelamiz. O’z yerimizni o’zimiz obod qilib, o’z iqtisodiyotimizga ega bo’lishni istaymiz”.

Lakotaliklar yeri deganda hozirgi Janubiy Dakota, Shimoliy Dakota, Nebraska, Vayoming va Montana shtatlari hududlari tushuniladi. Faol Mins nazarida bu joylar qabila ixtiyoriga berilishi lozim. Talab, tabiiyki, ko’pchilikni ajablantirmoqda va hatto, rasmiylar tili bilan aytganda, ensasini qotirmoqda.

“Hindular bundan 100 yil oldin hukumat bilan qilingan kelishuvdan norozi. Buning hozirgi vaziyatga aloqador joyi yo’q”, - deydi Janubiy Dakota bosh prokurori Larri Long.

“Kelishuv qanday shartlar asosida imzolanganini so’rashyapti. Bor hujjatlarni ko’rsatdik. Kerakli maslahat ham berdik. Menimcha, qabilaning bu borada bahslashishi o’rinsiz”, - deydi prokuror. “Zamon va vaziyat bir asr oldin tamoman boshqa edi”.

Hukumat va hindular orasidagi ziddiyatlar 1868 yilda sulh bilan yakunlangach, Fort Larami Bitimi tuzildi. Qabilalar “reservatsiya”, ya’ni maxsus ajratilgan yerlarda yashashga rozi bo’ladi. Lakota yerlari ancha kichrayib, obodonlashtirish uchun oq tanli kelgindilarga berilgan. Oqibatda hozirgi shtatlar paydo bo’lgan. Qishloq, shahar va shtatlar nomi ham hindu qabilalardan olingan.

Lakota qabilasi oqsoqoli Red Klod ziddiyatga berilmay, tarixni ro’kach qilmay, bugun hindularni qiynayotgan muammolarga yechim izlaylik deydi.

“Rassel Mins ular bilan kelishuv tuzmagan”, - deydi u qabilaning mustaqillik talab qilayotgan a’zosiga ishora qilib. “Aqlini yig’ib olsin. Mening bobom Lakota qabilasi uchun hujjatga qo’l qo’ygan, men bunga javobgarman, u emas”.

“Qadimgi qabilalar - Lakota, Dakota, Nakota hamisha erkin yashagan. Har bir hindu sizga uning ezgu orzusi mustaqillik ekanini aytadi. Uning qonida bor bu tuyg’u. Orzularni bir parcha qog’oz yoki hujjat bilan to’xtatib bo’lmaydi,” - deydi Lakota mustaqilligi tarafdori Tipizivi Yang.

“AQSh hukumati hududlarimizni noqonuniy egallab olgan”, - deydi Siu qabilasi a’zosi Uayt Feys. “Shunday ekan biz mustaqillik e’lon qilib ular tarkibidan chiqmayapmiz. Aksincha bizni xoli qo’yishni, hududlarimizni tark etishni so’rayapmiz”.

AQSh Hindular Byurosi 562 qabila masalalari bilan shug’ullanadi. Lakota Ozodlik Delegatsiyasi hukumat tomonidan tan olinmagani sabab ularning da’vosi qabul qilinmayapti. Hozircha hatto qabilaning o’zi ham tarqoq. Mustaqillikni tinimsiz targ’ib qilayotgan Rassel Mins qabilasidagi har bir eshikni qoqib, unga ergashishni so’rashga tayyor.

Hindular bugun Amerikaning 300 millionli aholisining bir foizini tashkil etadi. Tub aholining aksariyati oq tanlilar, qora tanlilar, qolaversa xilma-xil etnik guruh va millatlar bilan aralashib ketgan. Jamiyatdan ajralib qolganlari esa savodsizlik va ishsizlikdan qiynaladi.

XS
SM
MD
LG