AQSh Shimoliy Koreyani jilovlashda Xitoydan yordam so'rayapti


Xitoy Shimoliy Koreyani yadro dasturidan butunlay voz kechishga ko’ndirishi kerak.

AQSh Davlat kobitasi Kondoliza Rays shu mazmundagi chaqiriq bilan Pekinga tashrif buyurdi. “Xitoy nufuzini va Shimoliy Koreya bilan yaqin aloqalarini ishga solishi lozim”, - deydi Rays xonim.

Bir necha donor davlatlar bilan kelishgan holda, Shimoliy Koreya 2007 yilning oxirida yadro dasturi haqida barcha ma’lumotni havola etishga va’da bergan edi, deydi Kondoliza Rays. Buning evaziga Pxenyanga iqtisodiy yordam, jumladan yonilg’i yetkaziladi.

Biroq Shimoliy Koreya hozirgacha yetkazgan ma’lumot, Vashington nazarida, talabga javob bermayapti.

Matbuot anjumanida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Yang Jeychi “Eron va Darfur masalalarida yordamlashib kelayapmiz, Shimoliy Koreya bilan ham muzokarani davom ettiramiz” degan.

Siyosatdonlar fikricha Xitoy, o’z navbatida, tashqi siyosatida AQSh ko’magiga ham umidvor. Masalan Xitoy o’z-o’zini boshqaruvchi Tayvanni o’z mulki deb biladi. Biroq orol Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo’lmoqchi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Tayvanda BMTga a’zolik bo’yicha referendum o’tkazilishini tanqid ostiga olgan.

Rasmiy Pekin, shuningdek, AQShdan oziq-ovqat importini cheklamaslikka undayapti. AQSh nazarida esa Xitoy mahsulotlarining sifati har doim ham talabga javob bermaydi.

XS
SM
MD
LG