Huquq faollari: Iqtisodiy nochorlik odam savdosiga zo'r bermoqda


O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimlari AQSh elchixonasi diplomatlari bilan inson savdosiga qarshi kurash masalasini muhokama qilgan.

Huquq faollari fikricha inson savdosi mamlakatdagi ishsizlik va iqtisodiy nochorlik mahsulidir.

Yaqinda Rossiyada o`z farzandini sotishni rejalagan o’zbekistonlik bir ayol qo`lga olingan edi. Huquq himoyachilarining aytishicha bolalarining organlarini sotishga majbur bo`layotgan ota-onalar bor.

AQSh diplomatlari bilan uchrashuvda, “Press-uz-info” axborot agentligi xabariga ko`ra uchrashuvda Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Alisher Sharofiddinov odam savdosiga qarshi qonun loyihasi muhokama qilinayotganini, bu muammo bilan kurashni takomillashtirish maqsadida milliy loyiha ishlab chiqilayotganini bildirgan.

Oliy Majlisda odam savdosiga qarshi kurash haqidagi qonun loyihasi muhokama qilingan. Shuningdek O`zbekistonda odam savdosi bilan shug`ullangan bir necha fuqaro ustidan sud jarayonlari o`tgan.

Rasmiy idoralar O`zbekistonda iqtisod barqaror rivojlanayotgani va kun sayin yangi ish o`rinlari tashkil qilinayotgani haqida gapiradi. Tahlilchilar taxminicha respublika aholisning 5 milliondan ko`prog`i ish izlab xorijga chiqib ketgan. Ularning orasida odam savdosi qurbonlari ham bor.

“Istiqobolli avlod” nodavlat tashkiloti vakili Umida Karimova fikricha ular asosan ma’lumotsiz yoshlar.

“Muammo bilan to`qnash kelayotganlar asosan axborotga ega bo`lmagan yoshlar. Muammoning birinchi sababi axborotga ega bo`lmaslik. Tashkilotchilari har bitta mahallaga kirib borishadi. Oddiy qizga ham “yur chet elga, uch oyda ming dollardan ishlab kelasan” desa, axborotga ega bo`lmagan qiz ketaverishi mumkin”, - deydi Umida Karimova.

Keyingi payda nafaqat jinsiy eksplulatatsiya balki o`z xohishi bilan ish qidirib ketayotgan ayollar va erkaklar bu jinoyat to’riga ilinmoqda. Yaqinda Rossiya matbuoti o`z farzandini sotishni rejalagan o`zbekistonlik ayol haqida ma`lumot tarqatdi.

Ta`kidlanishicha O`zbekistondan ish izlab borgan, biroq qarzga botgan ayol, qarzlaridan qutulish uchun o`z farzandini pullashga majbur bo`lgan. Shu jarayonda u huquq-tartibot organlari tomonidan qo`lga olingan.

“Bu juda ayanchli voqea, lekin bu faqatgina shu birgina ayol bilan bog`liq emas. Bizga ma`lum bo`lishicha Qozog`istonga o`z bolalarini, kelinlarini olib borib sotayotganlar bor. Turkiyada ham shunday voqealar bo`lgan. Odamlar qashshoqlik tufayli hech narsadan toymayapti. Bolasini sotish tursin, turli jinoyatlarga ham qo`l urishayapti”, -deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Vasila Inoyatova.

Inoyatova “Ezgulik” jamiyati tekshirayotgan bir holat haqida gapiradi:

“Qashqadaryodan bir guruh ota-onalar 9-11 yoshdagi o`z bolalarini Rossiyaning turli viloyatlariga olib borib, buyraklarini sotib kelishayapti. Hattoki bu rasmlarga ham olingan, bolalarning ko’ylaklari ko`tarilib. Biz bu haqda bayonot beramiz. Bu O`zbekiston xalqining bugungi ahvoli, nochorligi oqibati. Bugun olib borilayotgan siyosat bu nochorlikdan chiqish uchun hech qanday amaliy harakat qilmayapti”, - deydi Inoyatova.

XS
SM
MD
LG