Amerikada musulmonlar demokrat nomzodga xayrixoh


Amerikada musulmon aholi bu yilgi prezident saylovlarida demokrat nomzodga ovoz berishi mumkin. Ommaviy so’rovlar natijasidan shundan dalolat bermoqda.

Arab-amerikaliklarning 80 foizga yaqini Jorj Bush siyosatidan norozi, deydi tadqiqotchi Jon Zogbi.

“Asosiy sabab prezident Bushning Iroqdagi urushi va Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatidan qoniqmaslik. Ikkinchidan fuqarolar hatti-harakati va telefon aloqalarini zimdan kuzatilishi”, - deydi Jon Zogbi, omma fikrini o’rganuvchi markaz rahbari.

Xususan arab aholi demokrat va respublikachilarni birdek quvvatlab kelar edi. 2000 yilda ko’pchilik Jorj Bushga ovoz bergan bo’lsa, bu safar ularning aksariyati demokrat senator Barak Obamani quvvatlamoqda.

“Obama odamlarni o’ziga ergashtira olmoqda. Uning ko’p tomonlama tashqi siyosat taklif etayotgani ham musulmonlarga ancha ma’qul”, - deydi Jon Zogbi.

Musulmonlar ovoz berishda iqtisodiyot, immigratsiya va sog’liqni saqlash masalalariga ham e’tibor beradi.

Hozirda Amerikada qariyb 1.2 million arab amerikalik saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tgan.

Pennsilvaniya, Ogayo, Nyu Jersi va Florida shtatlarida musulmonlar saylov natijasiga sezilarli ta’sir o’tkazadi. Nyu -York va Kaliforniyada ham musulmon saylovchilar katta sonni tashkil etadi.

Amerika- Islom Aloqalari Kengashi hisobicha mamlakatda yashovchi musulmonlarning 49 foizi Demokratik Partiya tarafdori. Respublikachi musulmonlar esa bugungi kunda atigi sakkiz foizdan iborat.

Faollar nazarida dunyo bo’ylab AQSh siyosatidan norozilik, mamlakatning o’zida esa islomofobiya illatining avj olishi va musulmonlar huquqining poy-mol etilishi ko’pchilikning g’azabini keltirgan.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi rahbari Nihad Avaz fikricha nafaqat musulmon arablar, balki nasroniylari ham Bushga qarshi chiqmoqda.

“Nasroniy arablar ham Amerikada islom dinining qoralanishiga qarshi bosh ko’tarmoqda. Amaldagi siyosatdan norozilik, qarangki, odamlarni diniy birdamlikka, ijtimoiy integratsiyaga chorlamoqda”, - deydi musulmon faol.

Amerikada bugun yetti millionga yaqin musulmon yashaydi. Ko’pi janubiy osiyolik muhojirlar va ularning AQShda voyaga yetayotgan farzandlari. Ularga o’zgaruvchan saylovchilar deb qarashadi. Sabab ularning ko’pchiligi partiyaga emas, siyosiy o’zgarish va takliflarga qarab ovoz beradi.

Qora tanli musulmonlar jamoaning choragini tashkil etadi. Ular azaldan Demokratik partiyani quvvatlab kelgan.

XS
SM
MD
LG