Breaking News

Markaziy Osiyoda hali ham sovetcha illatlar hukmron


Markaziy Osiyo qaynoq nuqtalar - Afg’oniston va Iroqqa yaqinligi hamda neft va gaz zahiralari bois dunyo e’tiboridan tushmay keladi. Biroq tahlilchilar nazarida Sovet Ittifoqi davridan qolgan siyosiy yuk va repressiv boshqaruv uslublari hamda ekstremizm tahdidi sabab mintaqada siyosiy islohotlar sekin kechmoqda.

Oksana Antonenko - Londondagi strategik tadqiqotlar instituti rahbari. Markaziy Osiyo 1990-yillarda Osiyoning eng qoloq qismlaridan edi deydi u. Bu jamiyatlarda, deydi u, hokimiyatga bosim o’tkazuvchi, islohotlarni targ’ib qiluvchi kuchlar yo’q. Siyosiy plyuralizm, ya’ni erkin firklash haqida gapirmasa ham bo’ladi.

Osiyo tarixini o’rgangan va “Imperiya changi” degan kitob yozgan Karl Mayer Markaziy Osiyo haligacha sovetcha fikrlaydi deydi.

"Markazlashgan hokimiyat o’rnida hozir avtoritar tuzumlar hukmron. Yakkahokimlik bu jamiyatlar rivojlanishiga asosiy to’siq",- deydi Mayer.

Karl Mayerning aytishicha Markaziy Osiyoda ko’pchilik o’zini mustaqil davlat fuqarosi sifatida ko’rmaydi. Balki o’zligini oila, qarindosh-urug’chilik va diniy nuqtai nazaridan ko’radi.

Gulnoz Sharafutdinova AQShdagi Mayami universitetida dars beradi. Uning aytishicha, Markaziy Osiyodek jamiyatlarda qon-qarindoshlik hukumat va tashkilotlar faoliyatiga ta’sir ko’rsatib kelgan.

"Korrupsiya omma tomonidan qanday qabul qilinishi ham jamiyatni oldinga surayotgani yo’q",- deydi olima.

Ammo, uning fikricha, mintaqada ko’pchilik ochiq jamiyat tarafdori.

"Qozog’istonda iqtisodiy va biznes imkoniyatlar bisyor, muxolifat ham nisbatan kuchli. Qirg’iziston va Tojikistonda so’z erkinligi kengroq. O’zbekiston va Turkmanistonda esa buning aksi".

Iqtisodiy qoloqlik hamda aholining tobora boyu-kambag’alga bo’linishi beqarorlikka olib keladi deydi tahlilchilar.

"Iqtisodiy jihatdan qiynalayotgani aholi noroziligi birinchi navbatda radikal islomiy guruhlarga qo’l keladi",- deydi Oksana Antonenko.

Mintaqa bo’ylab yashirin diniy guruhlar hamon faol ekani bundan dalolat beradi.

"Yaqin 10-15 yil ichida siyosiy tuzumlar o’zgarmas ekan, omma orasida islomiy kayfiyat, radikal qarashlar kuchayaverad"i-, deya xulosa qiladi Antonenko.

Tahlilchilar nazarida siyosiy va iqtisodiy islohotlar Markaziy Osiyoda uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlay oladi.

Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillik e’lon qilganida g’arbu-sharqda bu mamlakatlardagi turmush darajasi turlicha baholangan.

Oksana Antonenko nazarida G’arb bu davlatlarni juda qoloq jamiyatlar sifatida ko’rgan. Oradan sal o’tmay, deydi olima, mintaqada o’zini demokratik deb atovchi, ammo eski tuzum xususiyatlarini aks ettirgan boshqaruv tizimlari gurkiray boshladi.

Tadqiqotchi Karl Mayer bugun hukmron siyosat afsuski ertangi hayotga zamin yaratadi deydi. Uningcha hozirgi siyosat oqibatlari kelajakka rahna solishi mumkin.

Siyosatshunos Gulnoz Sharofiddinova esa mintaqada ijobiy o’zgarishlar borligini tan olish kerak degan fikrda. Markaziy Osiyoni G’arbdagi shaxs erkinligiga asoslangan jamiyatlarga taqqoslash qiyin deydi u.

Odamlar avvalo korrupsiyasiz hayot kechirish nima ekanini, ishni qarindosh yoki tanish-bilishsiz ham, qonunan hal etish mumkinligini o’rganishi lozim deydi mintaqadan chiqqan tahlilchi.

XS
SM
MD
LG