O'zbekistonda sil kasalining og'ir shakli tarqalmoqda


Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti hisobotida aytilishicha, sil kasalining doriga chidamli turi tarqalgan davlatlar ro'yxatida Ozarbayjon birinchi o'rinda.

Keyingi o'rinlarda Moldova, Ukraina, Rossiya va O`zbekiston.

Tashkilotning O`zbekistonda sil kasaliga qarshi kurash dasturi mutaxassisi Baxtiyor Bobomurodov:

“Toshkentda sil bilan og`rigan 100 bemorning 15 tasida doriga chidamli sil turi qayd etilgan. Bu bemorlarni davolash kamida ikki yil vaqt talab qiladi. Ularni davolash uchun ko`proq pul sarflash kerak. Bu sog`liqni saqlash tizimiga og`irlik qiladi”, - deydi Bobomurodov.

Buxorodagi “Tibbiyot” huquqiy markaz direktori Vohid Karimov fikriga ko`ra, silga oid ko`rsatkichlar har doimgidek kamaytirib ko’rsatilmoqda.

“Bu iqtisodiy kasallik. Bizda tabaqalanish rivojlanayapti. Kasalga chalinayotganlar ko`proq quyi va o`rta qatlamdagilar. Ikkinchidan, tibbiyot sohasini isloh qilish oxirgi o`rinda. Hech qanday chora ko`rilmayapti. Odamlar orasida yuqish tezlashayapti. Oilada bitta odam kasal bo`lsa, qolgan o`ntasida ham sil tayoqchlari kuzatilgan. Bu kasallik rivojlanib borayapti”, - deydi Karimov.

Baxtiyor Bobomurodovning aytishicha, sil kasalining o`lim bilan tugashi bundan bir necha yil avvalgiga nisbatan pasaygan. Bu xalqaro donorlar tomonidan moliyalashtirilgan dasturlar samarasi bilan amalga oshgan.

“2005 yildan boshlab, O`zbekiston DOST dasturi bilan qamrab olingan. Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Bu dasturlar natijasida 2006 yilda o`lim ko`rsatkichi 20-25 foizga kamaydi. Kasallik 100 ming kishi misolida 70 kishida qayd etildi. Silga qarshi dasturlar Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan tavsiya qilinadi. Turli xalqaro donorlar tomonidan moliyalanadi. Jumladan “Global fond”, Germaniya banki, USAID va Jahon Banki”, - deydi Bobomurodov.

“Tibbiyot” huquqiy markaz direktori Vohid Karimov ma`lumotiga ko`ra, sil kasali maktablar, bog`chalarda ham kuzatilmoqda.

“Hozirgi davrga kelib, bo`gchalarda, maktab o`quvchilarida, 1-4 sinf oquvchilariga proba qo`yilgan paytda ularning 25-30 foizida sil alomatlari aniqlangan”.

Vohid Karimovning aytishicha, sil kasali O`zbekiston uchun yirik tahdid. Kasallikka qarshi kurash matbuot orqali doimiy targ`ibotni, shuningdek, sog`liqni saqlash tizimida aniq dasturlar ishlab chiqishni talab etadi.

“Global muammo ekanini bila turib, hech narsa qilishmayapti. Shu narsa bizda yomon bo`layapti. Sil bu qashshoqlik kasali, iqtisodiy ahvol natijasi. Hukumat esa buni ko`rsatishdan manfaatdor emas. Hozirdan kasallikning oldini olish kerak, 1-2 yildan keyin qiyin bo`ladi. Ehtimol ehtiyoj ham qolmasligi mumkin”,- deydi “Tibbiyot” nodavlat tashkiloti rahbari Vohid Karimov.

Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkilotining O`zbekistondagi vakili Baxtiyor Bobomurodov fikriga ko`ra, silga qarshi kurashishda asosiy muammo moddiy ta`minotga borib taqaladi.

Mutaxassislar fikricha, odamlar sil kasalidan ko`p hollarda yashirin azob chekadi. Kasallik ochiq muhokama qilinmaydi. Bu borada jamoatchilikda axborot yetishmaydi. Vaqtida aniqlanmasa, sil nogironlikka, hatto o'limga olib borishi mumkin.

XS
SM
MD
LG