Breaking News

O'zbekistonliklar: Putin tanlagan nomzod prezident bo'ladi


2 mart, yakshanba kuni Rossiyada prezident saylovlari.

Prezidentlik uchun to`rt nomzod kurashmoqda.

Mavjud fikricha Rossiyadagi saylov natijasi ham O`zbekistondagi singari oldindan ma`lum.

Tahlilchilar saylovda kim g`alaba qilishi haqida emas, saylovdan keyin qanday o`zgarishlar kutish mumkinligi haqida gapirmoqda.

Rossiyada prezidentlikka da’vogar sobiq bosh vazir Mixail Kasyanov ro`yxatga olinmadi. Ro’yxatdan o’tgan boshqa nomzodlar esa asosan Putin siyosatini qo`llovchi partiya vakillari.

Tahlilchilar nazarida Mustaqil Davlat Hamdo'stligidagi aksariyat davlatlarda hokimiyatda qolish usuli deyarli o`xshash.

Rossiya prezidenti saylovida qo`llanayotgan texnologiya shaklan biroz farq qilishi mumkin. Vladimir Putin prezidentlikdan ketsa-da, hukumat rahbari sifatida boshqaruvda qoladi.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi faoli Po`lat Oxunning aytishicha, saylovdan keyingi Rossiyada demokratik tanglik davom etadi.

“Putin ko`rsatgan nomzod saylanishi aniq. Meni tashvishlantirayotgani, Medvedev Putin siyosatini davom ettirishini aytgan. Rossiyada asosiy aholining ahvoli og`ir. Iqtisodiy yuksalish kuzatilmadi, faqat neft dollarining ta`siri kuzatildi, xolos. Bu Putin boshlab bergan yo`l natijasi - erkinlik yo`q, muxolifat yo`q”, - deydi Polat Oxun.

Sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov Medvedev iqtisodiy islohotlar va’da qilmoqda, biroq tashqi siyosatda o`zgarishlar bo`lishi qiyin deydi.

“Medvedev bayonotlarida iqtisodiyotga davlat aralashivini cheklashini aytdi. U G`arb davlatlari bilan munosabatlarda Rossiya milliy manfaatlarini keskin turib himoyalashga o`tgan”, - deydi Soyibnazarov.

O`zbekistonlik rassom Vyacheslav Oxunov mulohazalariga ko`ra, saylov natijasi aniq. Kremlning saylov texnologiyasi keyinchalik MDH mamlakatlariga ko`chishi mumkin. Mana shunisi xavotir uy`gotadi deydi u.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqni saylovda faol ishtirok etishga, Rossiya kelajagi uchun ovoz berishga chaqirdi.

Vladimir Putin prezidentligi yuzasidan tuli mulohazalar bor. Ayrim qarashlarga ko`ra, bu davrda aholining turmush darajasi ko`tarilgan, iqtisodiyot barqarorlashgan, xalqaro maydonda Rossiya qudrati oshgan.

Biroq Putin davrida avtoritarizm kuchaygan, so`z erkinligi bo`g`ilib, jurnalistlarni o`ldirish holati keng tarqalgan, siyosiy mahbuslar soni ortgan.

XS
SM
MD
LG