Breaking News

Amerikada chet ellik talabalar ko'paymoqda


AQShdagi Xalqaro Ta’lim Instituti hisob-kitobiga qaraganda, 2006-2007 o’quv yilida Amerika universitetlariga chet eldan 583 ming talaba qabul qilingan.

2001 yilgi mash’um terror hujumidan so’ng Amerikada xorijlik studentlar ancha kamayib ketgan edi. Rasmiylarning aytishicha chet ellik yoshlar Amerika jamiyatini ham moddiy va ma’naviy jihatdan boyitadi.

O’tgan o’quv yilida xorijlik yoshlar Amerika universitet va kollejlariga 14 yarim milliard dollar kiritgan. Avvalgi yilga qiyoslaganda 1 milliardga ko’p.

AQSh Xalqaro Ta’lim Instituti prezidenti Alan Gudmanning aytishicha, shu mablag’ning 1.5 milliardi Nyu-Yorkdagi ta’lim maskanlarining o’ziga sarflangan.

"Bu Nyu-Yorkdagi mashhur sport jamoalari – Yankilar, Reynjerlar yoki boring ana, Nyu-York polvonlari jamoasi daromadidan ham ko’p. Xorijlik talabalar Nyu-York shahriga shu qadar ko’p mablag’ kiritmoqdaki, sport yulduzlari ham yoqa tishlamoqda”,- deydi Gudman.

Pul, albatta, o’z yo’liga. 2006 yilda Amerikada doktorlik ilmiy darajasini olgan talabalarning uchdan bir qismi – xorij fuqarolari edi. Yaqin o’tmishda Nobel mukofotini qo’lga kiritgan amerikaliklarning qariyb yarmi xorijda tug’ilgan.

Alan Gudmanning aytishicha, chet ellik talaba va mutaxassislar ilmiy izlanishlarda faol ishtirok etadi.

“Ularni qabul qilish orqali dunyodagi eng dolzarb ilmiy va tibbiy muammolar yechimi uchun zamin hozirlayapmiz”.

Eteldreda Nakimuli-Mpungu Jons Xopkins Universitetida doktorlik dessertatsiyasi ustida ishlamoqda. Asli ugandalik. Qo’shma Shtatlarga Fulbrayt (Fulbright) dasturi orqali kelgan.

AQSh hukumati moliyalovchi bu dastur orqali har yili taxminan 6 ming xorijlik talaba Amerikaga keladi.

Mpungu bir kun kelib, orttirilgan immunitet tanqisligi virusi – SPIDning ruhiy asoratlari bo’yicha kashfiyot qilish niyatida. AQShga kelmaganimda izlanishim samarasiz bo’lar edi deydi u.

“Fulbraytning ilm-fan va texnologiya bo’yicha yo’nalishida grant oldim. Ishimni davom ettirish uchun noyob imkoniyat edi bu. Ilmiy mahorat va malakamni charhlash, chuqurroq bilim olish, jamoatchilikka ko’proq axborot berish uchun qulay imkoniyat”,- deydi Mpungu.

Pamela Bravo ham Fulbrayt dasturi qatnashchisi. Perudan. Hozir Jorj Vashington Universitetida Tibbiyot bo’yicha magistrlik darajasi ustida ishlayapti. Fulbrayt kabi dasturlar jahonni, xalq va madaniyatlarni yanada boyitadi, deydi u.

“Siz bilim va tajribani oshirasiz. Faoliyat doirangiz kengayadi. Mamlakat yoki mintaqa emas, dunyo miqyosida fikrlay boshlaysiz”,- deydi Pamela.

Afsuski, 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so’ng Amerikada joriy etilgan viza cheklovlari tufayli ko’plab xorijlik yoshlar Qo’shma Shtatlarga kelish imkoniyatidan mahrum bo’lgan.

Kongressmen Vernon Elers bugungi siyosatni tushuntiradi:

“Maqsad odamlarni haydash emas. Balki jinoiy elementlarni kiritmaslik. Biroq ayrim qonuniy me’yor va talablar sabab iste’dodli insonlar Amerikaga yo’lamay qo’ygan ”.

Kongressda yechimini kutayotgan muhim masala.

XS
SM
MD
LG